Eng kamtarona hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi qo‘lida bir necha milliard dollar bor, deya hisoblaydi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori Otabek Nazirov. "Biznes laboratoriyasi"ga bergan intervyusida Nazirov uning agentligi aholi tasarrufidagi mablag‘lar hajmini baholagani haqida so‘z yuritdi.
"Bugungi kunda aholi "yostig‘i ostidagi" naqd pul vositalari hajmi bir necha milliardlarga baholanmoqda, agar o‘nlab milliard (dollar) bo‘lmasa", - deydi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu pullarni ishga tushirish uchun moliyaviy jihozlarni rivojlantirish kerak. Shunda biznes investitsiya sifatida aholi mablag‘larini ham jalb qilishi mumkin bo‘ladi.
"Nima uchun bu pullar "yostiq ostida?.. Ular ishlashi uchun moliyaviy jihozlar, tushunarli qoidalarni rivojlantirish kerak. Mulkdorlar va aksiyadorlar huquqlarini himoya qilish va bahslarda g‘olib bo‘lish uchun adolatli sud tizimi bo‘lishi kerak", - dedi Nazirov.
Kun.uz mavzu dolzarbligidan kelib chiqib, "Sizning fikringiz" Telegram-kanalida ekspress so‘rovnoma o‘tkazdi. So‘rovnoma onlayn o‘tkazilgani bois ovoz beruvchilarning jinsi, yoshi va boshqa omillar inobatga olinmagan. Bundan tashqari, har bir savolga javob bergan respondentlar soni turlicha, ya’ni bir savolga 50 kishi javob bergan bo‘lsa, boshqasiga - 65 kishi va h.k.
"O‘z pullaringizni qaysi valyutada saqlashni ma’qul ko‘rasiz?" degan savolga 313 kishi javob bergan. Shunisi qiziqki, respondentlarning 80 foizi o‘z mablag‘larini - AQSh dollarida, 15 foizi - so‘mda, 3 foizi - yevroda va 2 foizi boshqa valyutada saqlaydi. So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, ovoz berganlar orasida o‘z mablag‘larini Rossiya rublida saqlaydiganlar yo‘q.
Ta’kidlash joizki, joriy yilning fevralida Markaziy Bank (MB) "O‘zbekiston Respublikasi aholisi va korxonalarining inflyatsiya istiqbollari" mavzuidagi ma’ruzasini taqdim etdi. MB ma’lumotlariga ko‘ra, 2018 yilning to‘rtinchi choragida pullarni jamg‘arish bilan bog‘liq tanlov AQSh dollari foydasi hisobiga o‘zgargan. O‘z pullarini so‘mda saqlashni ma’qul ko‘ruvchilar ulushi 40 foizgacha qisqardi, AQSh dollarida saqlashni ma’qul ko‘ruvchilar ulushi esa 37 foizga oshdi.
Bundan tashqari, respondentlardan o‘z mablag‘larini qayerda saqlashni ma’qul ko‘rishlari haqida so‘ralgan. Bu savolga 344 kishi javob berdi. 84 foiz respondent o‘z mablag‘larini uyda saqlashni ma’qul ko‘rishini ma’lum qilgan. Afsuski, bor-yo‘g‘i 16 foiz ishtirokchi o‘z mablag‘larini banklarda saqlashini qayd etgan.
MB ma’lumotlariga ko‘ra, 2018 yilning oktyabrida mablag‘larni banklarda saqlashni ma’qul ko‘ruvchilar ulushi 34 foizgacha qisqargani, naqd pul shaklida saqlash jozibadorligi esa 44 foizga oshgani aniqlangan. 2018 yilning dekabriga kelib respondentlar guruhlari ma’lumotlari ulushi yaqinlashdi va 38/39 foizni tashkil qildi.
Kun.uz muxbiri ekspert fikrini bilish maqsadida iqtisodchi Yuliy Yusupovga murojaat qildi. "Nima uchun odamlar o‘z pullarini uyda saqlashni ma’qul ko‘radi?" degan savolga iqtisodchi o‘zbekistonliklar bank sektori va boshqa moliyaviy institutlarga xali u qadar ishonmasliklarini aytib javob berdi.
"O‘zbekistonliklar banklarning bankrot bo‘lishi, ularning omonatchilarni aldashi yoki davlat ularning mablag‘larini tortib olishi mumkinligidan xavfsirashadi. Qimmatli qog‘ozlarga mablag‘ kiritishga kelsak, O‘zbekistonda bu borada munosib takliflar juda kam, aholining asosiy qismi bu haqida bilmaydi hatto. Boz ustiga, odamlar bunda ham aldanishdan hamda mulkning qayta taqsimlanishi (ya’ni uning bir qismini tortib olishlari) mumkinligidan qo‘rqishadi", - dedi Yuliy Yusupov.
Nima uchun mablag‘lar ko‘proq AQSh dollarida saqlanadi? Iqtisodchining so‘zlariga ko‘ra, birinchidan, naqd shakldagi dollar so‘mdan ko‘ra kamroq qadrsizlanadi. Bu O‘zbekistondagi yuqori inflyatsiya va so‘mning boshqa valyutalarga nisbatan doimiy devalvatsiyasi natijasidir. Ikkinchidan, AQSh dollari - juda qulay to‘lov vositasi, dunyoning deyarli istalgan nuqtasida dollarda hisoblashish mumkin. Shu bilan birga, odat kuchi ham katta rol o‘ynaydi.
Yusupovning fikricha, odamlar o‘z mablag‘larini moliyaviy bozorlarga kiritishi uchun quyidagi ishlarni amalga oshirish lozim:
- inflyatsiyani pasaytirish;
- bank sektorida taraqqiy etgan o‘yin qoidalarini shakllantirish, pullarni banklarda saqlash jozibasini oshiruvchi raqobatni rivojlantirish;
- o‘zbekistonliklarni omonatlarni saqlashning muqobil shakllari (aksiyalar, obligatsiyalar, pensiya jamg‘armalari, sug‘urta polislari va b.) bilan ta’minlovchi moliyaviy bozorlar rivojiga turtki berish;
- mulkdorlik huquqini mustahkamlash va himoyalash.
Ulug‘bek Akbarov
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»
Ramzan Qodirov G‘arb davlatlariga hujum qilishga chaqirdi: “Haqiqiy urush qandayligini his qilishsin”
Befoyda va qimmat: shifokorlar tavsiya etmaydigan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar
Zelenskiy Putin borasida bayonot berdi: “Tinchlikni istaganlar yuziga tupurmoqda”
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi