10:57 / 06.07.2019
4 059

Videoselektor yig‘ilishi: Energiya resurslari tariflari oshadi. Eng kam ish haqi miqdori ham

Videoselektor yig‘ilishi: Energiya resurslari tariflari oshadi. Eng kam ish haqi miqdori ham
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 5 iyul kuni birinchi yarim yillikda davlat byudjetiga tushumlar natijadorligini tahlil qilish va yangi vazifalarni belgilash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Videoselektorda energiya resurslari tariflarini optimallashtirish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

«Oxirgi ikki yilda aholi, ijtimoiy va ishlab chiqarish ob’ektlarini uzluksiz elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan ta’minlash borasida qator ishlar amalga oshirildi. Ushbu yo‘nalishdagi ishlarni yanada yaxshilash maqsadida tegishli tarmoqlarni modernizatsiya qilish, energiya tejamkor texnologiyalarni qo‘llash va xarajatlarni optimallashtirish talab etilmoqda. Bularsiz tarmoqlarning moliyaviy ahvolini yaxshilash va sohaga faol investitsiyalarni jalb qilish imkonsiz.

Shu bois, mutaxassislar va xalq vakillari fikrlarini inobatga olib, aholi uchun tariflarni keskin oshirmasdan, inflyatsiya darajasiga yaqin miqdorda o‘zgartirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan. Tarif islohotlari xalqqa yengil bo‘lishi uchun eng kam ish haqini ham oshirish rejalashtirilgan», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Yig‘ilishda tariflarni tartibga solish bo‘yicha taklif etilayotgan islohotlarni aholiga to‘liq yetkazish zarurligi ta’kidlangan. Soliq islohotlarini targ‘ib qilish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi a’zolari, shuningdek, mahalliy kengashlar deputatlari, iqtisodiyot va kommunal xizmat ko‘rsatish tashkilotlari mutasaddilari joylarga borib, har bir mahallada aholiga tariflar o‘zgarishining mazmun-mohiyatini tushuntirish bo‘yicha vazifalar belgilangan.

Ma’lumot uchun, hozirgi tariflarga ko‘ra maishiy iste’molchilar uchun 1 metr kub tabiiy gazning narxi 320 so‘m, elektr energiyasining 1 kilovatti esa 250 so‘mni tashkil qiladi.

2019 yilning 1 iyunidan 1 metr kub tabiiy gaz narxi 350 so‘mga, elektr energiyasining 1 kilovatti esa 280 so‘mgacha oshishi kutilgandi. Keyinroq Moliya vazirligi narxlar o‘zgarmasligini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, hozirda eng kam ish haqi oyiga 202 730 so‘mga teng.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Videoselektor yig‘ilishi: Energiya resurslari tariflari oshadi. Eng kam ish haqi miqdori ham