16:04 / 30.07.2019
3 371

Savdo tarmoqlari hukmronligi: shartnoma erkinligimi yoki suiste’mol?

Savdo tarmoqlari hukmronligi: shartnoma erkinligimi yoki suiste’mol?
Ushbu maqolada chakana savdo sohasida faoliyat yurituvchi savdo tarmoqlariga nisbatan antimonopol cheklovlarni joriy qilish masalasi tahlil qilinadi. Mazkur sohada qulay savdo va raqobat muhitini yaratish maqsadida, savdo tarmoqlariga mahsulot yetkazib beruvchilarga nisbatan kamsituvchi va noqulay sharoitlar yuzaga kelishini oldini olishga yordam beradigan antimonopol qoidalarni belgilash taklif etilmoqda.

Umumiy ma’lumot
Hozirgi vaqtda oziq-ovqat mahsulotlarini sotish bozorida savdo tarmoqlarining ta’siri kuchayib bormoqda. Masalan, O‘zbekistondagi yirik savdo tarmoqlaridan birining savdo ob’ektlari soni bor yo‘g‘i 2 yil ichida deyarli 3 barobarga ko‘paygan. Albatta, buning hech qanday yomon joyi yo‘q, aksincha, har bir yangi savdo ob’ekti bu yangi ish o‘rinlari degani.

Shu bilan birga, yirik savdo tarmoqlarining faoliyati bilan bog‘liq ba’zi muammolar mavjud. Savdo tarmoqlari o‘zining katta hajmda tovarlar sotib olish imkoniyati tufayli chakana savdo bozoridagi raqobat muhitiga ta’sir ko‘rsatish imkoniga ega. Savdo tarmog‘ining paydo bo‘lishi, odatda, shu hududdagi kichik savdo ob’ektlariga jiddiy ta’sir qiladi, ko‘pincha kichik savdo ob’ektlari avvalo o‘z mahsulot narxini pasaytirishga, keyinchalik esa yirik savdo tarmoqlari bilan raqobatga dosh bermay o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lishadi.

Natijada, tovar yetkazib beruvchilarning mahsulotlarini sotib oluvchilar doirasi torayib boradi, bu esa o‘z navbatida yetkazib beruvchilarni savdo tarmoqlariga “qaram” qilib qo‘yadi, savdo tarmog‘i yetkazib beruvchilar (ishlab chiqaruvchilar) bilan shartnomaviy munosabatlarda «yuqori mavqega» ega bo‘ladi. Bu esa savdo tarmog‘iga yetkazib beruvchilarga nisbatan kamsituvchi va noqulay shartnoma shartlarini qo‘yish imkonini beradi.

Kamsituvchi shartlarga misol qilib bir turdagi mahsulotni yetkazib beruvchilar uchun savdo tarmog‘i tomonidan turli xil yetkazib berish shartlarini o‘rnatilishi, shartnoma shartlarini aynan bir xilda buzganlik uchun turli xil javobgarlik belgilanishi
va boshqa shunga o‘xshash shartlarni ko‘rsatish mumkin.

Noqulay shartnoma shartlariga esa boshqa savdo tarmoqlari bilan tovarlarni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzishni ta’qiqlash, yetkazib beruvchidan boshqa savdo ob’ektlari bilan tuzilgan shartnomalar to‘g‘risida ma’lumotni talab qilish, tovarlar va mahsulot narxini yetkazib beruvchiga (ishlab chiqaruvchiga) zarar yetkazadigan darajada arzonlashtirishni talab qilish, sotilmay qolgan va yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlarni yetkazib beruvchiga qaytarib berish, to‘lovlarni asossiz kechiktirish kabi shartlarni kiritish mumkin.

Bundan tashqari, savdo sohasidagi noinsof harakatlar toifasiga savdo tarmoqlari tomonidan yetkazib beruvchilarga tanlab olishning aniq va bir xil mezonlarini taqdim etmaslik, yetkazib beruvchilarning takliflarini ko‘rib chiqishni asossiz rad etish, yetkazib berish huquqini berish uchun qo‘shimcha to‘lov talab qilish kabilarni ham kiritsa bo‘ladi.

Savdo tarmoqlari va yetkazib beruvchilar munosabatlaridagi muammolar
O‘zbekistonda savdo tarmoqlari tomonidan tovar yetkazib beruvchilarga nisbatan adolatsiz munosabatlar bo‘lib turishi haqidagi gaplar oldindan mavjud bo‘lsada,bu masala rasman deyarli ko‘tarilmagan edi.

Lekin, joriy yilning 26-iyun kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida o‘tkazilgan tadbirkorlar bilan uchrashuvda yetkazib beruvchilar ba’zi savdo tarmoqlarini mahalliy tovar yetkazib beruvchilar (ishlab chiqaruvchilar)ga nisbatan import yetkazib beruvchilar bilan taqqoslaganda kamsituvchi to‘lov shartlarini o‘rnatishda aybladilar. Xususan, ular mahalliy yetkazib beruvchilarga mahsulot yetkazib berilgan kundan boshlab 30-60 kun (ba’zan 9 oygacha) davomida to‘lov amalga oshirilmasligi, import mahsulotlarini yetkazib beruvchilarga 100% oldindan to‘lov qilinishi, sotilmagan va muddati o‘tgan tovarlarni yetkazib beruvchiga qaytarib berilishi kabi holatlardan noroziliklarini bildirganlar.

Ushbu ayblovlarga O‘zbekistondagi yirik savdo tarmoqlaridan birining vakili ijtimoiy tarmoq orqali javob berdi. Javoblarga e’tibor bering:
1. “Savdo tarmog‘i mahsulot yetkazib beruvchilarga o‘z vaqtida haq to‘lamaydi”. To‘lov bilan bog‘liq barcha masalalar qonunchilik va yetkazib berish shartnomalariga muvofiq tartibga solinadi. Tomonlar ushbu shartlarni muhokama qiladilar va shartnomani imzolaydilar. Nega davlatga shikoyat qilib, to‘lov muddatini qisqartirishni so‘rashadi, agar shartnomani o‘zlari imzolagan bo‘lsa? Bolalar bog‘chasi, qisqasi.

2. “Savdo tarmog‘i sifatsiz va muddati o‘tgan tovarlarni yetkazib beruvchiga qaytaradi”. Bu masala ham bizning shartnomalarimiz bilan tartibga solinadi, lekin bu yerda shuni qo‘shimcha qilmoqchimanki, biz sizning sherigingiz sifatida iste’molchilar tomonidamiz: ular bizning xo‘jayinlarimiz va biz narx va sifat masalalarida har doim ularning tarafdorimiz, shuning uchun bizni kechiring, hurmatli ishlab chiqaruvchilar.

3. Agar biz sizning huquqlaringizni buzgan bo‘lsak, unda biz ham siz kabi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarmiz. O‘zingizni savodli va madaniyatli tarzda tuting, shartlarning bajarilishini talab qiling va agar biz ularni buzgan bo‘lsak, sudga murojaat qiling, shunda bizdan sizning foydangizga jarima ham undirishadi. Ammo siz bunday qilmaysiz, chunki sudda ish shartnoma va qonun asosida ko‘rib chiqiladi va bu shartnomani siz ham, biz ham imzolaganmiz. Va biz uni buzmadik. Yig‘ilishlarda bizni quruq gaplar bilan ayblash osonroq, shunday emasmi?”.

Savdo tarmog‘i vakilining yetkazib beruvchilarni mensimaslik elementlari mavjud ushbu javobini “yuqori mavqe” kuchining yaqqol namunasi deyish mumkin. Chunki, savdo tarmog‘ining vakili yetkazib beruvchilarni bolalarga qiyosladi, ularga savodli va madaniyatli bo‘lishni maslahat bergan holda muammoning mohiyatiga oid barcha masalalarni imzolangan shartnomaga havola qilib qo‘yaqoldi.
Savdo tarmog‘ining o‘zini bunday tutishi savdo tarmoqlari bilan ularga tovar yetkazib beruvchilar o‘rtasidagi munosabatlarda jiddiy muammolar mavjudligini ko‘rsatadi.

Albatta, davlat bunday vaziyatda tegishli chora ko‘rishi kerak. Ayni vaqtda ta’kidlash lozimki, yuqoridagi holatda savdo tarmoqlarini qonun bilan aybdor qilish juda qiyin, chunki amaldagi qonunchilikka ko‘ra, shartnomada kamsituvchi va noqulay shartlar qo‘yishni ta’qiqlash qoidasi faqat tovar bozorida “ustun mavqe”ni egallab turgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlariga nisbatan qo‘llaniladi. Tovarlarning ulushi ellik foiz va undan ko‘pni, shuningdek, muayyan shartlar mavjud bo‘lganda o‘ttiz besh foizdan ellik foizgachani tashkil etadigan xo‘jalik yurituvchi sub’ekt yoki shaxslar guruhining mavqei tovar bozorida ustun deb hisoblanadi ("Raqobat to‘g‘risida" gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasi).

Boshqacha qilib aytganda, ushbu ta’qiq kamsituvchi shartlarni o‘rnatuvchi tomon tovar bozorda ustun mavqeni egallab turgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning davlat reyestriga kiritilgan sub’ektlarga nisbatan qo‘llaniladi. “Ustun mavqe”ni suiiste’mol qilganlik uchun qonuchilikda tegishli javobgarlik belgilangan.

Lekin, O‘zbekiston Respublikasi Raqobat qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonda hech qaysi savdo tarmog‘i ustun mavqeni egallab turgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar davlat reyestriga kiritilmagan. Bu esa hozirgi kunda savdo tarmoqlarini kamsituvchi va noqulay shartlarni belgilaganlik uchun javobgarlikka tortishga yo‘l qo‘ymaydi.
Shunday qilib, yetkazib beruvchilar va ishlab chiqaruvchilar savdo tarmoqlari tomonidan “yuqori mavqe”ni suiiste’mol qilish holatlaridan himoyalanmagan.

Xorij tajribasi
Ushbu masala bo‘yicha xorijiy davlatlarning tajribasi shuni ko‘rsatadiki, Avstriya, Germaniya, Koreya Respublikasi, Latviya, Italiya, Yaponiya, Fransiya, Slovakiya, Rossiya va Qozog‘istonda chakana savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi va ustun mavqega ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar uchun maxsus antimonopol qoidalar o‘rnatilgan, ushbu qoidalarni buzganlik uchun javobgarlik ham belgilangan.

Ba’zi davlatlarda (Germaniya, Latviya, Yaponiya, Koreya Respublikasi) bunday qoidalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri monopoliyaga qarshi qonunlar, boshqa mamlakatlarda esa –sohaviy qonunlar bilan o‘rnatilgan (“Qishloq joylarda mahalliy yetkazib beruvchilarni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun (Avstriya), Tijorat kodeksi (Fransiya), “Chakana savdo tarmoqlarini ma’muriy tartibga solish to‘g‘risida” gi Qonun (Slovakiya), “Rossiya Federatsiyasida savdo faoliyati asoslarini davlat tomonidan tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonun (Rossiya), “Savdo faoliyatini tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonun (Qozog‘iston).

Yuqoridagi ko‘plab mamlakatlarda, MDH davlatlaridan tashqari, savdo-sotiq va shartnomaviy munosabatlarda antimonopol talablar buzilganligini aniqlash maqsadida maxsus “yuqori mavqeni suistemol qilish” tushunchasidan keng foydalaniladi. Shu bilan birga, “yuqori mavqe”ning umumiy mezonlari sifatida mahsulot yetkazib beruvchining savdo tarmog‘iga qaramlik darajasi, kontragentni almashtirish imkoniyatining chegaralanganligi, savdo ob’ekti va yetkazib beruvchi o‘rtasida uzoq muddatli savdo munosabatlarining mavjudligi ham e’tiborga olinadi.

MDH mamlakatlaridan Rossiya Federatsiyasining tajribasi e’tiborga loyiq. “Rossiya Federatsiyasida savdo faoliyati asoslarini davlat tomonidan tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonunda savdo tarmoqlari bilan savdo tarmoqlariga oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib beruvchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar uchun maxsus antimonopol qoidalar belgilangan. Ushbu qonun bilan shartnomada tovarlarni yetkazib beruvchilarga nisbatan kamsituvchi shartlar belgilash, tovar bozoriga kirish yoki tovar bozoridan chiqish uchun to‘siqlar yaratish, shuningdek, quyidagi shartlarni qo‘yish ta’qiqlangan:

- xuddi shunday faoliyat turi bilan shug‘ullanuvchi yoki shunday shartlarda faoliyat olib boruvchi boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar bilan yetkazib berish shartnomalarini tuzishni ta’qiqlash haqidagi shartlarni;
- yaroqlilik muddati o‘ttiz kundan ortiq bo‘lgan tovarlarni yetkazib beruvchiga qaytarish haqidagi shartlarni (faqat qonunchilikda to‘g‘ridan to‘g‘ri nazarda tutilgan yoki ruxsat berilgan bo‘lsagina mumkin);
- boshqa kamsituvchi shartlarni qo‘yish.

Muammoning yechimi
Yuqorida aytib o‘tilgan xorijiy davlatlarni tartibga solish tajribasidan kelib chiqqan holda, O‘zbekistonda ham quyidagilarni nazarda tutuvchi tegishli qonun hujjatlarini qabul qilish lozim:

1. Savdo tarmoqlari tomonidan yetkazib beruvchilarning huquqlari va manfaatlarini kamsitishga, noqulay shartlar o‘rnatishga olib keladigan harakatlarni, shu jumladan, quyidagi harakatlarni taqiqlash:
- tovar bozoriga boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning kirishiga yoki chiqishiga to‘siqlar qo‘yish;
- shartnoma predmetiga taalluqli bo‘lmagan shartlarni, shu jumladan moliyaviy mablag‘larni, boshqa mol-mulkni, mulkiy huquqlarni o‘zga shaxsga o‘tkazishga doir asossiz talablarni, shuningdek raqobatning cheklanishiga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan boshqa harakatlarni sodir etish talablarini majburan qabul qildirish;
- yetkazib beruvchiga boshqa raqobatchi ho‘jalik yurituvchi sub’ektlar bilan hamkorlikni cheklashga olib keladigan shartlar qo‘yish, sotilmagan tovarlarni qaytarish va shartnomaga boshqa kamsituvchi shartlarni kiritish, yetkazib berish huquqi yoki assortimentni o‘zgartirish uchun qo‘shimcha haq olish.

2. Raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq “ustun mavqe”ga ega bo‘lmagan, lekin savdo sohasida “yuqori mavqe”ga ega xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga nisbatan antimonopol qoidalarni buzganlik uchun javobgarlik belgilash.

R.S. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishni boshladi. Loyihalar ishlab chiqilib, belgilangan tartibda Hukumatga kiritilishi rejalashtirilgan.

A’zam Madaminov
Husain Radjapov
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Savdo tarmoqlari hukmronligi: shartnoma erkinligimi yoki suiste’mol?