18:28 / 01.11.2019
2 981

Shavkat Mirziyoyev inflyatsiyani 2022 yilda 9,5 foizgacha tushirish vazifasini yukladi

Shavkat Mirziyoyev inflyatsiyani 2022 yilda 9,5 foizgacha tushirish vazifasini yukladi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev inflyatsiyani 2022 yilda 9,5 foizgacha tushirish bo‘yicha topshiriq bergan. Bu haqda Moliya vazirligi Davlat byudjeti bosh boshqarmasi boshlig‘i Jamshid Abruyev ma’lum qildi.

«Kechagi yig‘ilishda davlat rahbari bizga inflyatsiyani 2022 yilda 9,5 foizgacha tushirish vazifasini yukladi», – dedi Abruyev «Fuqarolar uchun byudjet» loyihasi taqdimotida.

Abruyevning so‘zlariga ko‘ra, inflyatsiya kelasi yili 13 foizgacha, 2021 yilda 11 foizgacha pasayishi kutilmoqda. 2019 yil yakunlariga ko‘ra mazkur ko‘rsatkich 15,5 foiz bo‘lishi prognoz qilingan.

Kun.uz nashrining xabar berishicha, Jamshid Abruyev byudjet jarayonidagi o‘zgarishlarga ham to‘xtalib o‘tdi.
«Byudjetning qamrovi oshyapti. Davlat maqsadli jamg‘armalari ham 3ta emas, 18ta. Demak, hamma jamg‘armalar tarkibi kiritilyapti.

Bundan tashqari, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining raqamlari, byudjetlari tasdiqlanyapti. Oldin bu jamg‘armaning raqamlari ko‘proq yopiq xarakterga ega edi. Endi u ham oshkora bo‘lib, davlat byudjeti tarkibiga kiritilyapti.

Qonun bilan har bir vazirlikning byudjetini tasdiqlaganimizdan keyin vazirlik va idoralar mana shuncha pul bor ekan, deb oldindan biladi. O‘sha pulga ularning mas’uliyati oshadi. Pulning ishlatilishi, uning samaradorligiga javobgarligini sezgan holda kelgusida dasturlarini o‘shanga qarab tuzadi. Kelasi yili o‘rta muddatli rejalashtirishga o‘tish davrida bu juda muhim.

Byudjet qonunida byudjet ishtirokchilarining oshkoraligi to‘g‘risida ayrim moddalar bor. Byudjet mablag‘larini oluvchisi necha pul ishlatdi, nimalarga ishlatdi, nimalar xarid qildi va o‘sha xarid qilgan mahsuloti joylarga yetib bordimi yoki yo‘qmi. Bu jarayonni shaffof qilmas ekanmiz, hech qachon pullarning samardorligiga erishib bo‘lmaydi», – dedi Abruyev.

Eslatib o‘tamiz, 31 oktyabr kuni prezident huzurida makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, soliq-byudjet siyosati, davlat byudjetining joriy yilda kutilayotgan ijrosi va 2020 yilga mo‘ljallangan parametrlar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tgan edi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Shavkat Mirziyoyev inflyatsiyani 2022 yilda 9,5 foizgacha tushirish vazifasini yukladi