18:12 / 14.11.2019
3 770

Jamshid Qo‘chqorov: «Joriy yilda inflyatsiya yuqori bo‘lishi kutilyapti»

Jamshid Qo‘chqorov: «Joriy yilda inflyatsiya yuqori bo‘lishi kutilyapti»
Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati
Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida»gi qonuni loyihasi muhokamasi vaqtida inflyatsiya darajasi, uning yuqoriligiga sabab bo‘lgan omillar bo‘yicha ma’lumot taqdim etdi.

«Iqtisodiy sohada tarkibiy islohotlar amalga oshirilayotgan holatda joriy yilda inflyatsiya darajasi nisbatan baland bo‘lishi va u 15,5 foizni tashkil etilishi kutilyapti. Inflyatsiyani keyingi yilda 12,5-13 foizgacha pasaytirish, 2022 yil yakuni bilan esa 9-9,5 foizgacha pasaytirish lozim bo‘ladi. Buning uchun monetar va fiskal sohada muvofiqlashtirilgan holda qilinadigan choralar, raqobatbardosh iste’mol mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirishning aniq yo‘nalishlari amalga oshiriladi. Umumiy fiskal taqchillikni 2022 yilgacha YaIMga nisbatan 1,5 foizgacha kamaytirish maqsad qilinmoqda.

Yaqinda Xalqaro valyuta jamg‘armasining Kavkaz va Markaziy Osiyo bo‘yicha iqtisodiy prognozlari e’lon qilindi. Unga ko‘ra, O‘zbekistondagi inflyatsiya MDHdagi eng yuqori ko‘rsatkich, deb qayd etildi. Bunga bir necha omil sabab bo‘lgan. Birinchidan, investitsiyalarga bo‘lgan ehtiyoj. Yillar davomida bu muammo yig‘ilib qolgan. Ehtiyojni qoplash uchun ichki va tashqi moliyaviy manbalar ishga solindi. Kreditlar hajmi yil yakunlari bilan 40 foizdan ortiq bo‘lishi kutilyapti.

Ikkinchidan, tariflar. Non va un narxi erkinlashtirildi. Mana, yaqinda deputatlar fermerlar murojaatini ko‘rib berishdi. Shu kabi masalalar inflyatsiyaga o‘z ta’sirini o‘tkazyapti.

Savol tug‘ilishi mumkin: nega inflyatsiya darajasini keskin tushirishga harakat qilinmayapti? Avvalo, iqtisodiyotda moliyaviy manbalarga bo‘lgan ehtiyoj qondirilmay qoladi, iqtisodiy o‘sish darajasi pasayib ketadi. Shuning uchun buni bosqichma-bosqich hal qilishimiz kerak.

Uchinchidan, xalqaro valyuta bozoridagi va O‘zbekistonning asosiy savdo hamkor mamlakatlari yirik valyuta kurslari almashinuvi sababli milliy valyutaning ma’lum darajada devalvatsiyasi sodir bo‘ldi», deydi vazir.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Jamshid Qo‘chqorov: «Joriy yilda inflyatsiya yuqori bo‘lishi kutilyapti»