Taniqli iqtisodchi mutaxassis Yuliy Yusupov soliq islohotlarining QQS bilan bog‘liq qismidagi yutuqlar va kamchiliklar haqida yozdi.
Feysbukda qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) hisobi haqidagi post ostida qoldirilgan fikr: «Soliq kalkulyatsiyalari haqida aniq tasavvurga ega bo‘lmasam-da, kichik biznes vakillari fikriga qaraganda, QQS ularga qattiq zarba beryapti va faqat katta o‘yinchilar uchun qulay muhitni yaratmoqda».
To‘g‘ri tashxis qo‘yish qanchalik muhimligini anglash uchun shifokor bo‘lish shartmas. Shu tufayli (agar tegishli tibbiy malaka bo‘lmasa), o‘z-o‘zini davolash bilan shug‘ullanmaslik yoki savodsiz shifokorlarga ishonmaslik lozim. Noto‘g‘ri tashxis bilan «to‘g‘ri» davolash bemorga shifo emas, o‘lim keltirishi mumkin.
QQSga o‘tish muammolari
2019 yilda QQSga o‘tgan ko‘plab korxonalarning (hammasini emas, ko‘pchiligining – ba’zi korxonalar bundan yutib ham chiqdi) muammolari nimada?
Ular uchun soliq yuki oshdi. QQS ko‘p xarajat talab qiladigan soliq bo‘lgani uchun, unga o‘tgandan keyin, korxonalarning soliq yuki oshdi. Shu tufayli «hammasiga QQS aybdor» degan xulosa kelib chiqmoqda. Bu esa kasallikning asosiy sababini haroratning ko‘tarilishiga bog‘lashga o‘xshaydi. Biroq, yuqorida aytganimizdek, noto‘g‘i tashxis – noto‘g‘ri davolashga olib keladi.
Biznesga to‘g‘ri tashxis qo‘yishi kerak bo‘lgan ba’zi odamlarning (buxgalterlar, soliq maslahatchilari) bilimsizligi yoki shaxsiy manfaatdorligi (ularning biznesida QQS foydali emas, buxgalterlarga QQSni hisoblashdan ko‘ra, YASTni hisoblash osonroq) natijasida jaholat oloviga o‘tin qalashi, «Sizlarni ogohlantirgan edik, hammasiga QQS aybdor» deb jar solishi bilan vaziyat murakkablashmoqda.
Ta’kidlayman, gap moliyaviy xizmatlar sohasidagi barcha mutaxassislar haqida emas, balki ba’zi vijdonsiz va/yoki malakasizlar haqida ketmoqda.
Tashxis qo‘yishga qaytamiz. Aslida biznes QQSdan emas, balki soliq yukining og‘irligi va ularni turli rejimdagi korxonalar va hatto alohida sub’ektlar (individual imtiyoz olganlar) o‘rtasidagi taqsimotining notekis ekanidan aziyat chekmoqda.
Aslida juda ko‘p (o‘n minglab) korxonalarning yagona soliq to‘lovidan (YAST) QQSga o‘tkazilishi – shubhasiz, progressiv qadamdir. Chunki YAST va oborotdan olinadigan boshqa soliqlar – ixtisoslashuv, ijtimoiy mehnat taqsimotining, demakki iqtisodiyotimiz kelajagining qotilidir. Soliq islohotisiz O‘zbekiston iqtisodiyotini dunyo xo‘jaligining xom-ashyo o‘simtasi sifatida qotib qolishiga mahkum qilgan bo‘lar edik.
Islohotlarning juda ham ideal tarzda (yumshoq aytganda) o‘tkazilmagani va natijada ko‘plab korxonalarga qo‘shimcha qiyinchilik tug‘dirgani boshqa masala.
Ko‘plab mutaxassislarning qat’iy tavsiyalariga qaramay:
- QQS va boshqa soliqlarni to‘lashda ko‘plab imtiyozlar va istisnolar saqlanib qoldi. Natijada, QQSni to‘lash zanjirida uzilishlar yuz berib, bu soliq bo‘yicha yukning oshishiga olib keldi. Shuningdek, soliq yuki taqsimotida notekislik yuzaga keldi;
- QQS stavkasi pasaytirilmadi (soliq konsepsiyasining dastlabki loyihasida uni 20 foizdan 12 foizga tushirish taklif qilingan edi), natijada, ko‘plab sohalarda soliqqa tortishning soddalashtirilgan va umumiy rejimida ishlayotgan korxonalarning soliq yuki o‘rtasidagi farq saqlanib qoldi. Bu esa umumiy rejimga o‘tgan korxonalar bilan soddalashtirilgan rejimda qolgan korxonalarni tengsizlik sharoitida qoldirdi;
- QQS va foyda solig‘ini (soliq konsepsiyasining dastlabki loyihasida uni yo‘qotish taklif qilingan edi, ammo afsuski bu yuz bermadi) to‘lash, hisoblash va hisobot berish mexanizmlari soddalashtirilmadi;
- islohotlarni o‘tkazishga to‘sqinlik qiluvchi turli xil yangiliklar joriy qilindi (soddalashtirilgan QQS va YAST differensiallashtirilgan stavkalariga o‘xshash);
- qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotib oluvchi (umumiy ovqatlanish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash) sohalardagi QQS to‘lovi zanjiridagi uzilishlarni bartaraf qilish uchun deyarli hech narsa qilinmadi;
- QQSni hisobga olish imkoniyati yo‘q bo‘lgan (avvalo aholiga xizmat ko‘rsatish) sohalarida QQS to‘loviga o‘tishda yuz beradigan zarbalarni yengillashtirish uchun hech narsa qilinmadi;
- soliqqa tortishning umumiy va soddalashtirilgan rejimlari o‘rtasidagi soliq yukida saqlanayotgan uzilishni bartaraf qilish choralari ko‘rilmadi;
- soliq xodimlari va buxgalterlarni yangi qoidalarga tayyorlash va qayta o‘qitish choralari yetarli darajada amalga oshirilmadi. Chunki, yangi qoidalar islohotlar arafasida e’lon qilindi – bu islohotlarni amalga oshirishdagi kamchilikdir.
Natijada biznesning ko‘pchilik qismi soliq islohotlaridan aziyat chekdi.
Hukumat soliq islohotiga tuzatishlar kiritdi
Hukumat bu kamchiliklarni angladi. Shu tufayli, 2019 yil o‘rtalaridan islohotlarga bu muammolarni bartaraf qilish bo‘yicha tuzatishlar kiritilmoqda:
- nihoyat QQS 15 foizga tushirildi;
- imtiyozlar va istisnolar bir chekkadan bekor qilinmoqda;
- ba’zi «olamshumul» yangiliklardan, jumladan soddalashtirilgan QQSdan voz kechilmoqda;
- QQSni to‘lash elektronlashtirilmoqda;
- QQSni qaytarish mexanizmlari ishga tushyapti (avval QQSni faqat eksportda qaytarish mumkin edi);
- agrar soha qisman QQSga o‘tkazilmoqda.
Natijada QQS to‘lovchi korxonalar uchun vaziyat yaxshilanmoqda. Ammo ko‘plab muammolar baribir mavjud. QQSni zararli ekani haqida johillarcha jar solmasdan, bu muammolarni hal qilish kerak.
Hammasi ham unchalik yomon emas
Bundan tashqari, ko‘plab vaziyatlarda biznes «aziyat chekyapman» deb yanglishayotgan bo‘lishi ham mumkin. Gap shundaki, QQS to‘lashdagi haqiqiy soliq yukini aniqlash uchun, bir korxona doirasida hisob-kitob qilish noto‘g‘ri. Bunda QQS yaratilishi zanjirining barcha qismini hisoblab chiqishga to‘g‘ri keladi.
Agar zanjir uzun bo‘lsa, QQSga o‘tish soliq yukini pasaytirishi mumkin.
Islohotlardan ham oldin QQS to‘lab kelayotgan, ammo uni hisobga olishning imkoniyatidan mahrum bo‘lgan korxonalarning soliq yuki ham kamayadi. Bu holatda zanjir ancha foyda beradi.
Agar korxonangizda soliq yuki oshgan bo‘lsa, ammo zanjir ko‘paygan bo‘lsa, u holda sizdan mahsulotni qimmat bo‘lsa-da, QQS bilan sotib olish foydaliroq bo‘ladi. Chunki zanjir oshib ketgan soliq yukini pasaytiradi. Yakuniy iste’molchi esa mahsulotni arzonroq narxda oladi, mos ravishda zanjirdagi mahsulotga, jumladan sizning mahsulotingizga talab oshadi.
Biznes uchun xulosalar
1. «O‘z-o‘zini davolash» bilan shug‘ullanmang, to‘g‘ri tashxis qo‘yolmaydigan «ekspertlar»ga ishonmang. Soliq yukini faqat korxonangiz doirasida emas, QQS to‘lovi zanjiri bo‘yicha hisoblang. Aslida QQSga o‘tishdan yutqazayotgan emas, yutib chiqayotgan bo‘lishingiz mumkin. Islohotlarning boshlang‘ich davridagi xatolar hozir bartaraf qilinayotganini inobatga olsak, bu foydadan xoli emas.
2. Kasallikning belgilari bilan emas, balki sabablariga qarshi kurashing. Bizning holatda muammo QQSda emas, balki uni joriy qilish jarayonida yo‘l qo‘yilgan xatolarda, shuningdek, eski soliq tizimidan qolgan merosda. Bu muammolarning bir qismi hal qilingan, boshqa qismini hamkorlikda yechishimiz lozim.
«Kasallik»ning soxta belgilariga qarshi kurashish, «QQSning yomon ekani»dan shikoyat qilish muammolarni hal qilmaydi. Bu soliqning mohiyatini, uni zanjir doirasida qanday to‘lanishini tushunmaslik biznesingizda yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin. Jaholat hali hech kimga foyda keltirmagan.
Yuliy Yusupov
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
Zelenskiy Putin borasida bayonot berdi: “Tinchlikni istaganlar yuziga tupurmoqda”
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
Befoyda va qimmat: shifokorlar tavsiya etmaydigan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»