15:30 / 21.01.2020
2 983

Prezident: «Aholi daromadini 2 baravar oshirish yangi hukumat oldidagi muhim vazifa bo‘ladi»

Prezident: «Aholi daromadini 2 baravar oshirish yangi hukumat oldidagi muhim vazifa bo‘ladi»
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida Bosh vazir nomzodi hamda Vazirlar Mahkamasining yaqin va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakatlar dasturi ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yangidan tasdiqlanadigan hukumat oldida turgan asosiy vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.

Qishloq xo‘jaligida meva-sabzavotchilik va chorvachilik asosiy «lokomotivlar» bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi. Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini keyingi besh yillikda 2,5 baravarga oshirish vazifasi ham turibdi.

Suv resurslari kamayib borayotgan sharoitda kelgusi besh yilda sug‘oriladigan yerlarning kamida 30 foiziga tomchilatib sug‘orish va boshqa suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish orqali suv inshootlarining ekspluatatsiya va investitsiya xarajatlarini kamida 15 foizga qisqartirish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Davlatimiz rahbari iqtisodiyotni jadal rivojlantirish uchun neft-gaz va energetika tarmog‘idagi muammolarni hal etish lozimligini ta’kidladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
– Hukumat bu sohalarni transformatsiya qilish, ularga xususiy sektorni faol jalb etish, hisob-kitobni joy-joyiga qo‘yish orqali ortiqcha yo‘qotishlarni to‘liq qisqartirish va talon-torojliklarning oldini olish bo‘yicha ta’sirchan choralarni ko‘rishi zarur. Neft-gaz sohasida 2025 yilda yoqilg‘i mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 5,2 million tonnaga oshirish, shundan 4,1 milliard dollarlik 5 ta ob’ektni bu yil ishga tushirish kerak. Keyingi besh yillikda elektr energiyasi ishlab chiqarishni kamida 80 milliard kilovatt-soatga yetkazish, shundan kamida 20 foizini qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobiga ta’minlash talab etiladi, – dedi Prezident.

Chuqur tarkibiy o‘zgarishlar va yirik investitsiya loyihalari hisobiga tog‘-kon sanoatida mahsulotlar hajmini 2025 yilgacha 1,5 barobargacha, qurilish materiallari ishlab chiqarishni 3 karra ko‘paytirish muhim vazifalar sifatida belgilandi.

To‘qimachilik va charm-poyafzal sohalariga to‘xtalar ekan, Prezidentimiz bu tarmoqlarda mahalliy xomashyoni to‘liq qayta ishlab, 2025 yilgacha 8 milliard dollarlik eksportni ta’minlash masalasiga alohida urg‘u berdi.

Yuqori texnologiyalar asosida elektrotexnika sanoatini jadal rivojlantirish, maishiy texnika va sanoat elektr uskunalari, kabel mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish lozimligi qayd etildi.

Avtomobilsozlik sanoatida 2023 yilgacha yengil va yuk avtomobillari hamda avtobuslar ishlab chiqarish hajmini 360 ming donaga yetkazish, shundan kamida 100 ming donasini xorijga eksport qilish soha mas’ullari uchun asosiy marra bo‘ladi.

Kimyo sanoati quvvatlarini modernizatsiya qilish, tabiiy gazni chuqur qayta ishlash asosida yangi yirik loyihalarni amalga oshirish talab etiladi.

Farmatsevtika sohasida keyingi besh yilda mahalliy dori vositalari hajmining ichki bozordagi ulushini 45 foizdan 70 foizgacha oshirish va eksportni 100 million dollarga yetkazish topshirig‘i belgilandi.

Xorijiy turistlar sonini 12 million nafardan o‘tkazish uchun infratuzilmalarni yaxshilash, mehmonxonalarni ko‘paytirish, transport tarmoqlarini rivojlantirish va xizmatlar sifatini yuksaltirish zarurligi ta’kidlandi.

– Barcha rejalarni ro‘yobga chiqarish hisobiga ishsizlikni 7 foizgacha kamaytirib, yiliga kamida 500 mingta ish o‘rni yaratish, aholi daromadini 2 baravar oshirish yangi hukumat oldidagi muhim vazifa bo‘ladi, – dedi davlatimiz rahbari.

Ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini 76 yoshga yetkazish, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, ehtiyojmand qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashning aniq mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha ham vazifalar belgilandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Prezident: «Aholi daromadini 2 baravar oshirish yangi hukumat oldidagi muhim vazifa bo‘ladi»