19:44 / 11.04.2020
2 684

Koronavirusdan keyin jahon iqtisodiyotini nima kutmoqda?

Koronavirusdan keyin jahon iqtisodiyotini nima kutmoqda?
Foto: bbc.com
Koronavirus pandemiyasi jahon iqtisodiyotiga qanday ta’sir qiladi? Bu mavzuni G‘arbdagi qator tahlilchilar muhokama qilmoqda va ularning aksariyati halokatli ssenariylarni bashorat qilmoqda.

Amerikalik taniqli iqtisodchi Nuriel Rubini hozirgi epidemiya yirik iqtisodiy va geosiyosiy inqirozga aylanib ketadi deb hisoblamoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, koronavirus dunyodagi zamonaviy tartibni chok-chokidan so‘kmoqda. Uzoq davom etuvchi iqtisodiy «muzlik davri» boshlanadi, milliy nizolar kuchayadi, chegaralar yopiladi, proteksionizm hukmronlik qiladi va ish harbiy harakatlargacha yetib borishi mumkin. Tadbirlarning barchasi onlayn o‘tkaziladi, yirik yarmarkalar, spektakllar bekor qilinadi, savdo markazlari yopiladi, xaridlar asosan internet orqali amalga oshiriladi. Uydan ishlash va onlayn xizmatlar ko‘rsatish avj oladi.

Darhaqiqat, hozirda inqiroz simptomlari kuchaymoqda: jahon birjalarida aksiyalar kursi tushmoqda, oltin narxi oshmoqda, xalqaro xo‘jalik aloqalari uzilmoqda. BDI Germaniya sanoatchilari uyushmasi hisobotida qayd etilishicha, koronavirus epidemiyasi mamlakat iqtisodiyotiga o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatdi, YAIM o‘sishi deyarli to‘xtab qoldi. Epidemiya davom etadigan bo‘lsa, barcha asosiy ko‘rsatkichlar minusga qarab ketadi. S&P Global Ratings agentligining hisobotiga ko‘ra, koronavirus tarqalishining davom etishi Osiyo-Tinch okeani hududi iqtisodiyotiga 211 milliard dollar zarar keltiradi.

Aksariyat G‘arb kuzatuvchilarining fikricha, koronavirus butun dunyoni shok holatiga solib qo‘ydi. Geosiyosiy mavhumlik, populizm, proteksionizm iqtisodiyotga salbiy ta’sir ko‘rsatib bo‘lgandi, koronavirus epidemiyasi esa bu tendensiyalarni yanada kuchaytirdi. Ularning o‘sib borishi transport va ishlab chiqarish munosabatlarining buzilishiga olib keladi va hozirgi ko‘rinishdagi globallashuvga nuqta qo‘yadi.

Nemis iqtisodchisi Mark Shiritsning «Sayt» gazetasida yozishicha, jiddiy jahon inqirozi yuz bermaydi. Hattoki jahon fond bozorlari qulasa va iqtisodiy o‘sish sur’atlari keskin tushib ketsa ham 2008 yildagi kabi moliyaviy inqiroz takrorlanishi ehtimoli kam. Bu fikrga quyidagilar asos bo‘ladi:

Birinchidan, Lehman Brothers bankining bankrot bo‘lishi inqirozning sababi emas, portlatuvchisi bo‘lgan. O‘sha paytda jahon iqtisodiyotida sezilarni nomutanosibliklar to‘planib qolgandi. AQSH, Ispaniya, Irlandiya va qator mamlakatlardagi mulk bozorlarida ulkan ko‘piklar paydo bo‘lgan, banklar yetarlicha «xavfsizlik yostiqchasi»ga ega bo‘lmasdan turib o‘ta xatarli operatsiyalarga aralashib qolgandi. Bugungi kunda bank balanslari ancha yaxshi holatda. Boshqacha aytganda, agar Lehman Brothers hozirgi kunda bankrot bo‘lganida bu jahon moliyaviy inqirozini keltirib chiqarmasdi.

Ikkinchidan, koronovirus epidemiyasi jahon tovar almashuviga salbiy ta’sir qildi, ammo iqtisodiyot tuzilmalariga tegmadi. Hozirda iqtisodiy o‘sish to‘xtab qoldi, chunki transport kommunikatsiyalari izdan chiqqan, zavodlarga butlovchi qismlar kelmayapti, ishchilar esa uylarida o‘tirishga majbur. Shu bois Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) bu yil iqtisodiy o‘sish sur’atlari ikki baravarga pasayishi mumkinligidan ogohlantirdi. IHTT hukumatlar va markaziy banklar iqtisodiyotni tiklashga hissa qo‘shishlari, inqirozning uzoqqa cho‘zilishiga yo‘l qo‘ymasligi va iqtisodiyotning muhim sektorlarini yurgizishi kerak deb hisoblamoqda.

Uchinchidan, epidemiya tugagach, transport kommunikatsiyalari tiklanadi, ishchilar o‘z joylariga qaytishadi, ishlab chiqaruvchilar ikki baravar kuch bilan butlovchi qismlarni yetkazib berishni boshlaydi. Paydo bo‘lgan taqchillikni bartaraf qilish uchun qo‘shicha kuch talab qilinadi va bu ishlab chiqarishning keskin o‘sishiga olib keladi. Ilgari sodir bo‘lgan inqiroz va epidemiyalarda bo‘lgani kabi, keskin tushishdan keyin tez o‘sish kuzatiladi.

To‘rtinchidan, hozirgi inqiroz natijasida korxonalar ishlab chiqarish zanjirini sinchkovlik bilan quradi. Ko‘pchilik butlovchi qismlarni Xitoydan import qilish o‘rniga o‘zlari ishlab chiqarishi yoki yaqinroqdagi mamlakatlardan olish haqida o‘ylashni boshlaydi. Boshqacha aytganda, hududlashish jarayoni yoki yangi iqtisodiy hududlar shakllanishi boshlanadi. Germaniya hukumati allaqachon «ortiqcha» globallashuvga chek qo‘yishga chaqira boshlagan.

Ammo virus kuchli bo‘lib chiqsa, vaksina topilmasa va inqiroz cho‘zilib ketsa nima bo‘ladi? Unda jahon iqtisodiyotini og‘ir davrlar kutadi, ammo bu variant ehtimoldan uzoq. Mark Shiris insoniyat oldida ulkan mavhumlik paydo bo‘layotganini aytmoqda. Inqiroz natijasida odamlar, investorlar va hukumatning o‘zini tutishi qaysi tomonga o‘zgarib ketishini hech kim bilmaydi. Yoz kelishi bilan epidemiya yo‘qolib ketishi va jahon iqtisodiyoti tiklanish davriga qaytishi mumkinligi ham istisno qilinmayapti. Ammo uchinchi variant shakllanmoqda. Har qanday holatda ham davlat va markaziy banklar ko‘magi kerak: birjalarni qulashdan, korxonalarni yopilib ketishdan qutqarish lozim.

Shu bilan birga, nemis iqtisodchisi Xenrik Myuller «Shpigel» nashrida yozishicha, bugungi vaziyat uchta sababga ko‘ra 2008 yildagi holatdan yomonroq:

«Katta yigirmatalik» mamlakatlarining umumiy qarzdorligi 2008 yildagiga nisbatan ancha yuqori. O‘sha paytda qarzdorlik umumiy YAIMning 200 foizini tashkil etgan bo‘lsa, hozirda u 240 foizga yetgan. Bu esa ehtimoliy xatar Lehman Brothers bankrotga uchraganidan ko‘ra yuqoriroq ekanligini bildiradi.

Markaziy banklar va moliya vazirliklarining harakat erkinligi kamaygan. 2008 yildagidan farqli ravishda, ko‘plab mamlakatlarda bank hisob stavkalari nolga yaqin, davlat qarzlari esa yuqori. Yirik global retsessiya boshlanadigan bo‘lsa, markaziy banklar davlat qarzlarini misli ko‘rilmagan miqyosda sotib olishga majbur bo‘ladi, lekin qachongacha?

Xalqaro hamkorlik ruhi qolmagan. Jahon iqtisodiyotini milliylashtirish va proteksionizm belgilab bermoqda. 2008 yilda kon’yunktura va moliya bozorlarini mustahkamlash bo‘yicha jahon miqyosida muvofiqlashtiruvchi choralar mavjud edi. G20 mamlakatlari, birinchi navbatda AQSH, Xitoy, Yevrohudud, Yaponiya va Buyuk Britaniya yagona front sifatida birlashgandi. Bugun jahonning yetakchi iqtisodiyotlari birgalikda harakat qilishini tasavvur qilish qiyin.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Koronavirusdan keyin jahon iqtisodiyotini nima kutmoqda?