13:10 / 03.05.2020
2 655

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi nega kechikmoqda?

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi nega kechikmoqda?
Valijon To‘raqulov
Yaponiya va Janubiy Koreyada faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik mutaxassislar Kun.uz muxbiri bilan suhbatda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishning afzalliklari va salbiy jihatlarini tahlil qilib berishdi.

– Valijon, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi ancha oldin e’lon qilingan edi. Bu jarayon nima uchun kechikib ketdi, deb o‘ylaysiz? Tashkilotga a’zo bo‘lish talablari yuqori bo‘lgani uchun O‘zbekiston buni bajara olmayaptimi yoki masalaning boshqa omillari bormi, sizningcha?

Valijon TO‘RAQULOV, Inha Universiteti xalqaro savdo bo‘yicha doktoranti (Janubiy Koreya):
— Bugungi kun uchun juda dolzarb bo‘lgan va javobi o‘zimizni ham qiziqtirayotgan savol berdingiz. Odatda ilmiy ishlar qilinayotganda bir davlatning holatini o‘rganish uchun shu davlatga o‘xshagan boshqa bir davlatning holati o‘rganilsa, bu davlatga ham tatbiq qilish mumkin bo‘ladi. Nega Qozog‘istonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishi uchun 19 yil ketdi, degan savolni qo‘yib, ilmiy ish qilganimda ba’zi bir sabablar yuzaga chiqdi va shu sabablarni hozir O‘zbekiston uchun ham ko‘rsatish mumkin.

Birinchi sabab, bilasiz, 1994 yili O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘laman deb ariza bergan. 1996 yili Qozog‘iston va Qirg‘iziston ariza bergan. 1998 yilda — atigi ikki yil ichida Qirg‘iziston JST chiptasini qo‘lga kiritdi. 1998 yilda rublning qadrsizlanishi kuzatilgan. Osiyo, ayniqsa, Sharqiy Osiyo — Koreya tomonlarda katta moliyaviy inqiroz bo‘lgan. Shularning natijasida, hammasi yig‘ilib-yig‘ilib, aynan Qirg‘iziston JSTga a’zo bo‘lgandan keyin qandaydir bir yomon iqtisodiy natijalarga olib kelgandek bo‘lib qoldi. Ya’ni, Qirg‘iziston bu tashkilotdan ko‘p foyda olmadi, degan xulosa barcha O‘rta Osiyo davlatlarida paydo bo‘ldi.

1994 yiliyoq ariza topshirgan uchun O‘zbekiston, Tojikiston — hammasining shashti qaytdi. Demak, ozgina kutamiz, ozgina vaqt kerak ekan, deb o‘ylashdi. Mana shu vaqt, afsuski, Qozog‘iston uchun 19 yilga teng bo‘ldi. O‘zbekiston uchun esa hali ham tugagani yo‘q. Qirg‘iziston JSTga a’zo bo‘ldi, lekin iqtisodiy jihatdan gullab-yashnab ketgani yo‘q, degan sabab yuzaga keldi.

Ikkinchidan, 2006 yilda Qozog‘iston yana a’zo bo‘lamiz deb o‘z harakatlarini boshlagan. Lekin Rossiyaning orzusi Qozog‘istonga to‘sqinlik qilib qo‘ygan.

Bu orzu qanday edi? Rossiyaning orzusi oldingi sovet davlatlari bilan birgalikda savdo blokini hosil qilish edi. O‘z o‘rnida, Qozog‘iston uch tomonning orasida qolib ketdi. Bir yoqdan asosiy savdo sheriklaridan biri Xitoy, boshqa yoqdan Yevropa va tepadan Rossiya.

Hozir bizning holatimiz xuddi shunday — qaysi biriga a’zo bo‘lish kerak, degan savol oldimizda turibdi. Xuddi shu narsani o‘sha paytda Qozog‘iston ham boshdan kechirgan. Qaysi biriga birinchi a’zo bo‘lamiz? Birinchi Rossiyani xursand qilaylikmi? Yoki JSTga a’zo bo‘lib Yevropani xursand qilaylikmi? Nima bo‘lgan taqdirda ham bu yerda Rossiyaning kuchi ustun keldi. 2010 yilda o‘zining bojxona ittifoqini tashkil qildi. Bojxona ittifoqiga, bilasiz, Belarus, Rossiya va Qozog‘iston a’zo bo‘lgan. 2010 yilda unga Qirg‘iziston va Armaniston ham a’zo bo‘lgan.

Ko‘pchilik o‘ylayapti, biz qanday yo‘l tutitishimiz kerak? 2008 yilda bu narsa bo‘yicha ilmiy ishlar qilingan. Postsovet davlatlari qaysi biriga birinchi a’zo bo‘lishi kerak degan savol bilan ilmiy izlanishlar qilingan. Shu ilmiy ishning xulosa qismida aytiladiki, agar bojxona ittifoqiga a’zo bo‘linadigan bo‘lsa, o‘z-o‘zidan JSTga a’zo bo‘lish anchagina kechikib ketadi. Nega?

Chunki Rossiyaning orzusi bo‘lgan bojxona ittifoqining juda ko‘p qonun-qoidalari JST qonun-qoidalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri mos emas. Ya’ni o‘rtada konfliktlar juda ham ko‘p. Shunga qaramay, Qozog‘iston tashkilotga a’zo bo‘ldi. O‘sha paytda prezidentning o‘zi hatto tashkilotga tezroq a’zo bo‘lsak, JSTga kirish uchun yaxshi bo‘ladi deb, tashabbus bilan chiqqandi. Lekin bojxona tashkilotiga a’zo bo‘lgani bu narsani yana 5 yilga surib tashladi – 2010 yilda maqsad qilishgan bo‘lsa, 2015 yildagina a’zo bo‘ldi.

Mana shu holatni O‘zbekistonga ham tatbiq qilishimiz mumkin. Hozir Rossiyaning bosimlari bizni ko‘proq JSTga emas, o‘zlarining orzusi bo‘lgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo‘lishga undayapti. Avval shunga a’zo bo‘lsangiz, keyin qolganiga a’zo bo‘laverasizlar, deyapti. Lekin men bunga ishonmagan bo‘lardim.

Chunki YEOIIga a’zo bo‘lish xuddi Qozog‘istondek 2-3 yilda JSTga a’zo bo‘lamiz degan niyatimizni 5-6 yil, balki 7-8 yilga ham surib tashlashi mumkin. Shundan kelib chiqqan holda, birinchi o‘rinda JSTga a’zo bo‘lib, keyingina YEOIIga a’zo bo‘lish-bo‘lmaslik masalasini ko‘rib chiqsak bo‘ladi. Menimcha, a’zo bo‘lishdan ham ko‘ra ko‘proq kuzatuvchi sifatida kirish, o‘rtada savdo shartnomasini xuddi Vetnamga o‘xshab imzolash maqsadga muvofiq bo‘ladi.

— Bizni kuzatayotganlarning ko‘pchiligi iqtisodiyotni chuqur tushunmasligi mumkin. Ularga soddaroq tushuntirib ketadigan bo‘lsak, JSTga a’zo bo‘lish O‘zbekistonga nima beradi? Oddiy aholining turmush tarzi o‘zgaradimi? Maoshlar ko‘tariladimi? Yoki xarid quvvati yaxshilanadimi?

O‘zbekiston aholisining ko‘pchiligi Rossiyada mehnat qiladi. Ularning juda katta qismi JST haqida yetarlicha ma’lumotga ega emas. Tezroq YEOIIga a’zo bo‘lib, migratsiya bo‘yicha muammolardan xalos bo‘lishsa, shunisiga xursand bo‘lishadi. Shuning uchun qaysi tashkilotga a’zolik nima berishiga ham to‘xtalib o‘tsangiz.


— Ayni paytda O‘zbekiston eksporterlarining bir nozik tomoni bor – bizning atrofimiz quruqlik bilan o‘ralgan. Juda ko‘p davlatlar dengizga tutash yoki bitta davlatni kesish bilan mahsulot ishlab chiqaruvchilar dengizga chiqishi mumkin. Ya’ni, ular o‘zining eksport mahsulotlarini arzongina dunyo bozoriga olib chiqa oladi. Bizning davlatdagilar esa mana shu jihatdan yutqazib, eksport bozoriga arzon mahsulotlarni taklif qila olmaydi.

Buni qanday qilib arzon qilish mumkin? Birinchi o‘rinda, logistika xarajatlarini kamaytirish kerak. Qanday kamaytirsak bo‘ladi? JSTga a’zo bo‘lsak, birinchi o‘rinda tariflar kamayadi. Tarif kamaysa, ko‘proq mahsulot kirib keladi. Ko‘proq mahsulot bu ko‘proq taklif degani. Ko‘proq taklif bu arzonroq narx va ko‘proq tovarlar degani. Mana shu holatda eksporterlar ham yutishi mumkin.

Ularga raqobatchilar kirib kelyapti-ku, deyishingiz mumkin. Bir narsani unutmasligimiz kerakki, JSTga a’zo bo‘lish orqali arzon mahsulotlar nafaqat iste’molchilarga, balki ishlab chiqaruvchilarga ham yetkaziladi. Xomashyo endi arzonroq kirib kela boshlaydi. Siz biron narsani ilgari 100 dollarga olsangiz, eni o‘sha narsani 80-70 dollarga olishingiz mumkin. Nafaqat bozordagi narsalarning arzonlashishiga, balki ishlab chiqaruvchilarinng o‘ziga ham mahsulotning tannarxini arzonlatib, dunyo bozorida imkoniyatlar beradi.

Bundan tashqari, investorlarga ham «O‘zbekistonga bemalol boraveringlar, endi islohotlar ortga qaytmaydi», degan ishonch beradi. JSTga a’zo bo‘lganimizdan keyin oladigan narsalarimiz ham bor, beradigan narsalarimiz ham bor. Bu O‘zbekistonning investitsion jozibadorligini ham oshiradi.

Yana bir tomoni bor. YEOIIga a’zolik mehnat muhojirlariga imtiyoz beradi, degan argument o‘rtaga tashlanadi. Lekni shu o‘rinda men doim bir narsani o‘ylab qolaman. Qachongacha biz ishchi bo‘lib qolishimiz kerak? Ishilarga imtiyoz berilishiga rozi bo‘lib, kelajakda yana ishchi bo‘lib qolishga rozi bo‘lyapmiz.

Biz o‘zimiz ko‘proq ishlab chiqarishimiz kerak. O‘zbekiston aholisi va xomashyosi ko‘p bo‘lgan davlat. JSTga a’zo bo‘lish orqali ko‘proq investorlar keladi va ko‘proq ish o‘rni yaratiladi. Ishlab chiqaruvchilar mahsulotlari tannarxining kamayishi orqali nisbiy afzalligini oshiradi. Eksport paytida turli janjallarning oldini olishga yordam beradi, chunki JSTning mojarolarni hal qiladigan qo‘mitasi bor. Rossiyaga yoki boshqa chet davlatga borib, ishlash mashaqqatlaridan qutulamiz.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi nega kechikmoqda?