19:00 / 02.03.2021
2 644

Ekspert «obnal» haqida: Bitim haqiqiy yo qalbaki ekanini nega sud emas, soliqchilar hal qilyapti?

Ekspert «obnal» haqida: Bitim haqiqiy yo qalbaki ekanini nega sud emas, soliqchilar hal qilyapti?
«Obnal ishi»dan maqsad – to‘lmay qolgan budjetni to‘ldirish, deb hisoblaydi soliq bo‘yicha ekspert Nodirbek Xo‘jayev. Uning fikricha, «obnalchi» firma bilan tuzilgan bitimni qalbaki deb topish bo‘yicha Soliq kodeksida mavhumliklar bor: unda bitim haqiqiy emas deb topilishining asoslari ko‘rsatilmagan. To‘lanmagan QQSni esa soliq majburiyati bor tomon, ya’ni «obnalchi» to‘lashi kerak.

Soliq bo‘yicha ekspert Nodirbek Xo‘jayev «MFaktor» loyihasida bergan intervyusida «obnalchilar» mojarosi va ular bilan hamkorlik qilgan 10 mingga yaqin tadbirkorlik sub’ektlari bo‘yniga tushayotgan 1 trillion so‘m QQS, Davlat soliq qo‘mitasining xatti-harakatlari va Soliq kodeksining muayyan moddasidagi kamchiliklar borasida fikr bildirdi.

Ekspertga ko‘ra, Soliq kodeksining 14-moddasida nazarda tutilgan bitimlarni haqiqiy emas deb topishda mavhumliklar bor.

«Kodeksning 14-moddasi 3-xatboshida: «Qalbaki va ko‘zbo‘yamachilik uchun tuzilgan bitimlar soliq solish maqsadida hisobga olinmaydi. Agar unday bitimlar boshqa muqobil bitimlarni soliqlarni hisoblash uchun haqiqiy bitimlarning iqtisodiy mazmun va jihatlari hisobga olinadi», deb yozib qo‘yilgan.

«Qalbaki va ko‘zbo‘yamachilik uchun tuzilgan bitimlar»ni kim aniqlaydi? Asosiy masala mavhum: soliq xizmati organi nimalarga asosan bitimni qalbaki deb topadi? Bu ko‘rsatkichlar belgilanmagan.

Bundan tashqari, bitimning haqiqiy emasligini aniqlash vakolati kimga berilgan?

14-moddada «qalbaki va ko‘zbo‘yamachilik uchun tuzilgan bitimlar» faqat soliq solish maqsadida hisobga olinmasligi yozilgan. Bunda bitim butunlay bekor bo‘ladi deyilmayapti, faqat soliq solish maqsadida hisobga olinmaydi deyilmoqda. Taqqoslaydigan bo‘lsak, Fuqarolik kodeksining 113-moddasida: «Bitim ushbu kodeksda belgilab qo‘yilgan asoslarga ko‘ra, sud haqiqiy emas deb topganligi sababli (nizoli bitim) yoki bunday deb topilishidan qat’i nazar, haqiqiy emas deb hisoblanadi (o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmagan bitim)», deyilgan. Bu yerda sud tomonidan bitim haqiqiy emas deb hisoblanadi, deb aniq yozilgan», – deydi Nodirbek Xo‘jayev.

Uning qayd etishicha, bitim haqiqiy emas deb topilsa, mazkur shartnoma bo‘yicha qilingan xatti-harakat ham noqonuniy bo‘ladi.

«Bundan tashqari, Fuqarolik kodeksining 114-moddasida: «Bitim haqiqiy bo‘lmaganida taraflarning har biri boshqasiga bitim bo‘yicha olgan hamma narsani qaytarib berishi, olingan narsani aslicha (shu jumladan olingan narsa mol-mulkdan foydalanish, bajarilgan ish yoki ko‘rsatilgan xizmat bilan ifodalanganda) qaytarib berish mumkin bo‘lmaganida esa, agar bitim haqiqiy emasligining boshqa oqibatlari qonunda nazarda tutilgan bo‘lmasa, uning qiymatini pul bilan to‘lashi shart», – deya ko‘rsatib o‘tilgan.

Demak, bitim qalbaki deb topildimi, tovar olinmadi deb hisoblab, hisob-kitoblar ham orqaga qaytishi kerak. Tovar ham, QQS ham nolga tenglashtirilishi kerak», – deydi ekspert.

Xo‘jayevning ta’kidlashicha, murojaat qilayotgan korxonalar vakillari sudga chaqirilgani, ish sudda ko‘rilgani haqida ma’lumotlar yo‘q. Vaholanki, bitimlarni aslida sud haqiqiy emas deb topishi kerak.

«DSQ 396ta korxonani naqdlashtirish faoliyati bilan shug‘ullangan degan xulosani bergan. Ular bilan ishlagan tadbirkorlik sub’ektlariga ham hozirda kontragentining «obnalchi» ekanini bilgansan, degan vajlar qo‘yilmoqda.

Kontragentining «obnalchi»ligini bilgani yoki bilmagani soliq to‘lovchining vijdoniga bog‘liq. Soliqni kim to‘lashi kerak? Soliq to‘lash majburiyati bo‘lgan tomon to‘lashi kerak. Soliq majburiyati bo‘ynida bo‘lganlar bular – «obnalchi»lar, biroq to‘lanmagan soliq ular bilan ishlagan tadbirkorlardan undirilmoqda
», – deydi Nodir Xo‘jayev.

Soliq mutaxassisiga ko‘ra, «obnalchilar» ishi – budjetning to‘lmay qolgan qismini qoplash maqsadida qilingan ish.

«Soliq organlariga har yili reja qo‘yiladi. Reja qo‘yishni ham xato deb o‘ylamayman, bu rejaga intilish uchun kerak. Ammo reja bajarilmagani uchun chora qo‘llash bu to‘g‘ri emas», – ta’kidlaydi Nodirbek Xo‘jayev.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq iqtisodchi Yuliy Yusupov Soliq qo‘mitasining «obnal» bo‘yicha harakatlarini «sog‘lom aqlni mazax qilish» deb atagandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Ekspert «obnal» haqida: Bitim haqiqiy yo qalbaki ekanini nega sud emas, soliqchilar hal qilyapti?