20:20 / 04.06.2021
2 551

Markaziy bank yangi 2000 va 20 ming so‘mlik pullar ko‘rinishini namoyish etdi

Markaziy bank yangi 2000 va 20 ming so‘mlik pullar ko‘rinishini namoyish etdi

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki 2021 yilning 14 iyunidan boshlab nominal qiymati 2 000 so‘m va 20 000 so‘m bo‘lgan banknot ko‘rinishidagi yangi pul belgilarini muomalaga chiqarilishi to‘g‘risida qaror qabul qilinganligini ma’lum qildi.
Mazkur banknotlar mavzusi (tematikasi) «Buyuk Ipak yo‘li» va mamlakatimiz hududidagi qadimiy Buxoro shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarixiga bag‘ishlangan.
Banknotlar himoyalangan qog‘ozda chop etilgan.

2000 so‘mlik banknot:
O‘lchami 142 x 69 mm.
Banknotning o‘ng tarafidagi och fonda qadimgi «Buyuk Ipak yo‘li» karvon yo‘lining ramzi sifatida tuya va «2000» raqami ko‘rinishida suv belgilari joylashgan.
Banknotning o‘ng tarafida qog‘oz qatlamida kengligi 1,5 mm. bo‘lgan «UZB» yozuvi mavjud metallashgan va mashinada o‘qiladigan himoya ipi o‘tkazilgan.

Old va orqa tomonlarining asosiy ranglari – qirmizi va och yashil ranglardan iborat.
Banknot old tomoni chap qismida dastlab miloddan avvalgi I asrda qad ko‘targan, eramizning IX-X asrlarida qayta qurilgan (hozirgi qiyofasi asosan XVI asrda shakllangan) «Buxoro arki»ning ko‘rinishi tasvirlangan.

Yuqori qismining chap tarafida o‘zgaruvchan rangli OVI bo‘yog‘ida bosilgan «2000» raqami joylashtirilgan bo‘lib, ma’lum qiyalik burchagi ko‘rinishi ostida tilla rangdan yashil rangga o‘zgaradi.
Banknot yuqori o‘ng qismida «O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI» matni, yuqori o‘ng burchagida O‘zbekiston Respublikasining Gerbi qirmizi rangda joylashgan.

O‘ng va chap tomoni chekkasida qirmizi rangda joylashgan maxsus element ko‘rish qobiliyati past bo‘lgan insonlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, bo‘yoqning bo‘rtmalik xususiyati hisobiga banknotning qiymatini aniqlash imkonini beradi.
Banknotning quyi qismida naqshinkor bezak asosida «latent» (yashirin) tasvir «UZ» ko‘rinishida berilgan bo‘lib, u yorug‘lik manbaiga nisbatan ma’lum qiyalikda ko‘rinish xususiyatiga ega.

Quyi qismning chap tomonida banknot qiymatini aks ettiruvchi «IKKI MING SO‘M» yozuvi va “O‘ZBEKISTON SO‘MI RESPUBLIKA HUDUDIDA HAMMA TO‘LOVLAR UCHUN O‘Z QIYMATI BO‘YICHA QABUL QILINISHI SHART» matni joylashgan.
Yuqoridagi tasvirlar metallograf bosma usulida bajarilgan bo‘lib, barmoq uchi bilan siypalaganda buyoqning bo‘rtmaligini sezish mumkin.

Banknot o‘ng qismidagi och fonda nusxa ko‘chirishga qarshi har xil diametrdagi xalqalar joylashtirilgan bo‘lib, nusxa ko‘chirilganda ushbu tasvirlarda aniqlik yo‘qoladi.
«Xonatlas» fonida tushirilgan O‘zbekiston xaritasi chizmasida ko‘k chiziqlar bilan “Buyuk Ipak yo‘li»ning karvon yo‘llari yo‘nalishi ko‘rsatilgan.

Yuqori chap qismida Buxoro shahrining ramzi hisoblangan «ikki o‘rkachli tuya» tasviri registr vazifasini bajargani holda «old» va «orqa» tomonlarini bir-biri bilan mos tushirish uchun xizmat qiladi. Yorug‘likka qaratilganda oq qismi banknotning orqa tomonidagi rangli fon bilan qo‘shilib to‘liq tasvir hosil qiladi.

Banknotning raqami lotin alifbosidagi ikki harfli seriya va yetti xonali sondan tashkil topgan bo‘lib, o‘ng qismida gorizontal va chap qismida vertikal ko‘rinishda bosilgan.
Banknot orqa tomonida miloddan avvalgi IV-III asrlarda qadimgi karvon yo‘li o‘tgan Poykend shahrining xarobalari, ya’ni «POYKEND ARXEOLOGIYA YODGORLIGI» tasvirlangan.

O‘ng qismida Buxoro viloyati hududidagi «Varaxsha” arxeologiya yodgorliklaridan topilgan VIII asrga taalluqli devoriy ganchkor bezak tasviri hamda miloddan avvalgi III ming yillik davriga tegishli ro‘zg‘or idishi – arxeologiya topilmasi aks etgan.
Yuqori chap qismida «O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI» matni va banknot muomalaga chiqarilgan yil «2021» chop etilgan.

Banknotning pastki qismi chap va o‘ng burchaklarida banknot nominal qiymati «2000» raqami oq rangda bir chiziqda hamda yuqori o‘ng burchakda «IKKI MING SO‘M» yozuvi tushirilgan.
Pastki qismida «O‘ZBEKISTON SO‘MINI QALBAKILASHTIRISH QONUNGA MUVOFIQ TA’QIB QILINADI» matni ogohlantiruvchi yozuv sifatida qayd etilgan.

20 000 so‘mlik banknot:
O‘lchami 147 x 69 mm.
Banknotning o‘ng tarafida och fonda qadimgi «Buyuk Ipak yo‘li»ning ramzi bo‘lgan tuya va «20000» raqami ko‘rinishida suv belgilari joylashgan.

Banknotning o‘ng tarafida qog‘oz qatlamida kengligi 3 mm.li «dinamik» effektiga ega bo‘lgan, yuqori himoyalangan, uchta to‘rtburchak yo‘l ko‘rinishidagi banknotning ustki qatlamiga chiquvchi himoya ipi joylashtirilgan.
Yorug‘lik manbaida ip to‘liq ko‘rinishga ega bo‘lib, banknotning istalgan qiyalik ko‘rinishida ipdagi tasvirlarda siljish effekti paydo bo‘ladi.

Old va orqa tomonlarining asosiy ranglari – ko‘k, binafsha va jigarranglardan iborat.
Banknot old tomoni chap qismida hozirgi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida miloddan avvalgi IV asrda qurilgan, XX asrning 30-yillarida topilgan «QO‘YQIRILGAN QAL’A» me’moriy yodgorligi tasvirlangan.

Yuqori qismining chap tarafida o‘zgaruvchan rangli OVI bo‘yog‘ida bosilgan «20000» raqami joylashgan bo‘lib, ma’lum qiyalik burchagi ko‘rinishi ostida qirmizi rangdan yashil rangga o‘zgaradi.
Banknot yuqori qismida «O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI» matni, yuqori o‘ng burchagida O‘zbekiston Respublikasining Gerbi siyoh rangda joylashgan.

O‘ng va chap tomoni chekkasida joylashgan siyoh rangdagi maxsus element ko‘rish qobiliyati past bo‘lgan insonlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, bo‘yoqning bo‘rtmalik xususiyati hisobiga banknotning qiymatini aniqlash imkonini beradi.
Banknotning quyi qismida naqshinkor tasvir fonida «latent» (yashirin) tasvir «UZ» ko‘rinishida berilgan bo‘lib, u yorug‘lik manbaiga nisbatan ma’lum qiyalikda ko‘rinish xususiyatiga ega.

Quyi qismining chap tomonidan banknot qiymatini aks ettiruvchi «YIGIRMA MING SO’M» yozuvi va «O‘ZBEKISTON SO‘MI RESPUBLIKA HUDUDIDA HAMMA TO‘LOVLAR UCHUN O‘Z QIYMATI BO‘YICHA QABUL QILINISHI SHART» matni joylashgan.
Yuqoridagi tasvirlar metallograf bosma usulida bajarilgan bo‘lib, barmoq uchi bilan siypalaganda buyoqning bo‘rtmaligini sezish mumkin.

Banknot o‘ng qismidagi och fonda nusxa ko‘chirishga qarshi har xil diametrdagi xalqalar joylashtirilgan bo‘lib, nusxa ko‘chirilganda ushbu tasvirlarda aniqlik yo‘qoladi.
Yuqori qismdagi O‘zbekiston xaritasi chizmasida och chiziqlar bilan “Buyuk Ipak yo‘li»ning karvon yo‘llari yo‘nalishi ko‘rsatilgan.

Yuqori chap qismidagi Qoraqalpog‘iston xalqining kashtachilik matolarida qo‘llaniladigan naqsh bezagi tasviri registr vazifasini bajargani holda «old» va «orqa» tomonlarini bir-biri bilan mos tushirish uchun xizmat qiladi. Yorug‘likka qaratilganda oq qismi banknotning orqa tomonidagi rangli elementlar bilan qo‘shilib to‘liq naqsh hosil qiladi.

Banknotning raqami lotin alifbosidagi ikki harfli seriya va yetti xonali sondan tashkil topgan bo‘lib, o‘ng qismida gorizontal va chap qismida vertikal ko‘rinishda bosilgan.
Banknot orqa tomonida miloddan avvalgi IV asrga tegishli bo‘lgan, Sulton Uvays tog‘laridan janubiy sharqqa qarab ketgan balandliklar tepasida joylashgan «JONBOS QAL’A ARXEOLOGIYA YODGORLIGI» tasvirlangan.

O‘ng qismida miloddan avvalgi VII-VI asrlarda Orol-Kaspiy dengizi oralig‘ida yashagan xalqlarga tegishli sopol idish hamda miloddan avvalgi I asrga tegishli qadimiy aholi tomonidan zardo‘shtlik marosimlarida foydalanilgan tuya ko‘rinishidagi artefakt aks etgan.
Ushbu tasvirlar metallograf bosma usulida, ikki xil rang (siyohrang va jigarrang)da aniq chegaralangan holda bosilgan bo‘lib, barmoq uchi bilan siypalaganda buyoqning bo‘rtmaligini sezish mumkin.

Yuqori chap qismida «O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI» matni va banknot muomalaga chiqarilgan yil «2021» chop etilgan.
Banknotning pastki qismi chap va o‘ng burchaklarida banknot nominal qiymati «20000» raqami oq rangda bir chiziqda hamda yuqori o‘ng burchakda «YIGIRMA MING SO‘M» yozuvi tushirilgan.

Pastki qismida «O‘ZBEKISTON SO‘MINI QALBAKILASHTIRISH QONUNGA MUVOFIQ TA’QIB QILINADI» matni ogohlantiruvchi yozuv sifatida qayd etilgan.

Muomalaga chiqarilayotgan qiymati 2 000 so‘m va 20 000 so‘m bo‘lgan pul belgilari ayni paytda muomalada bo‘lgan pul belgilari va tangalar bilan bir qatorda barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va aholi tomonidan o‘z qiymati bo‘yicha barcha turdagi to‘lovlar uchun hech qanday cheklovlarsiz qabul qilinishi shart.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Iqtisodiyot » Markaziy bank yangi 2000 va 20 ming so‘mlik pullar ko‘rinishini namoyish etdi