Koinotda shakar topildi: bu hayot sirini ochishga yaqinlashtiradimi?

Astronomlar Somon Yo‘li galaktikasi markaziga yaqin joylashgan ulkan gaz va chang bulutida ilk bor tabiiy shakar turini aniqlashdi. Mutaxassislarning fikricha, bu kashfiyot koinotda hayot uchun zarur bo‘lgan organik moddalar yulduzlararo muhitning o‘zida ham hosil bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Gap eritruloza deb ataladigan oddiy shakar haqida ketmoqda. U tabiatda malina tarkibida uchraydi, shuningdek, kosmetika sanoatida, jumladan, sun’iy qoraytiruvchi vositalar ishlab chiqarishda ham qo‘llaniladi. Olimlar ushbu moddani Somon Yo‘li markaziga yaqin joylashgan ulkan molekular bulutda qayd etgan.
Tadqiqot mualliflarining ta’kidlashicha, bu natija koinotda boshqa sivilizatsiya mavjudligini anglatmaydi. Biroq u hayotning paydo bo‘lishi uchun muhim hisoblangan organik birikmalar kosmosning o‘ta sovuq hududlarida ham tabiiy ravishda shakllanishi mumkinligini tasdiqlaydi.
Ispaniya Astrobiologiya markazi olimi Izaskun Himenes-Serraning aytishicha, eritruloza yulduzlararo muhitda ilk bor aniqlangan shakar hisoblanadi. Bu esa bunday moddalar koinotda avval taxmin qilinganidan ancha keng tarqalgan bo‘lishi mumkinligini anglatadi.
Olimlarning tushuntirishicha, eritruloza mayda chang zarrachalari yuzasida sodir bo‘ladigan kimyoviy reaksiyalar natijasida hosil bo‘ladi. Keyinchalik u kometalar yoki asteroidlar tarkibiga qo‘shilib, sayyoralarga yetib borishi ehtimoldan xoli emas.
Tadqiqot davomida mutaxassislar Ispaniyadagi radioteleskoplar yordamida G+0.693-0.027 deb nomlangan chang bulutini o‘rganishgan. Avvaliga ular boshqa turdagi shakarlarni izlashgan, ammo kutilmagan tarzda aynan eritrulozaga xos signallarni qayd etishga muvaffaq bo‘lishgan.
Ma’lum qilinishicha, ushbu shakar kosmosda taxminan –250 daraja sovuq sharoitda ham hosil bo‘lishi mumkin. Bu esa organik molekulalar shakllanishi uchun yuqori harorat shart emasligini ko‘rsatadi.
Mutaxassislar eritruloza nafaqat energiya manbai, balki RNK kabi ilk genetik tizimlarning shakllanishida ishtirok etuvchi moddalar paydo bo‘lishi uchun ham muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlamoqda. Shu bois, bunday organik birikmalar Yerga qadimda kometa va meteoritlar orqali kelgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi nazariya yanada mustahkamlanmoqda.
Tadqiqot mualliflarining fikricha, millionlab yillar avval Yerga yog‘ilgan kometa va meteoritlar tarkibidagi organik moddalar sayyorada hayot paydo bo‘lishi uchun dastlabki sharoitlarni yaratishga hissa qo‘shgan bo‘lishi mumkin.
Yaponiyalik olim Yosihiro Furukava ham ushbu natijani muhim ilmiy voqea sifatida baholadi. Uning ta’kidlashicha, yulduzlararo muhitda hosil bo‘lgan shakarlar boshqa sayyoralarga ham yetib borishi mumkin. Biroq bu jarayon hayotning aynan qanday shakllanganini to‘liq tushuntirmaydi va bu boradagi izlanishlar hali davom etmoqda.






























Izohlar 0
…