12:00 / 20.08.2021
2 099

Shavkat Mirziyoyev: «Cheklovlar, to‘siq va g‘ovlarning ko‘piga barham berildi»

Shavkat Mirziyoyev: «Cheklovlar, to‘siq va g‘ovlarning ko‘piga barham berildi»
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tayotgani haqida xabar bergandik. Unda davlat rahbari nutq so‘zlamoqda.

– Keyingi yillarda sizlar iqtisodiyotimiz va islohotlarimiz tayanchiga hamda lokomotiviga aylandingiz, deb aytishga barcha asoslarimiz bor. Siz kabi ishning ko‘zini biladigan, ishbilarmon yurtdoshlarimiz timsolida biz chin ma’nodagi Yangi O‘zbekiston bunyodkorlarini ko‘ramiz.

Mamlakatimizda har yili yaratilayotgan ish o‘rinlarining 90 foizi xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Ularda hozirgi kunda 5 milliondan ziyod aholi, ayniqsa, yoshlarimiz mehnat qilmoqdalar. Agar biz iqtisodiyotimizni yanada yuksaltiramiz desak, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun barcha imkoniyat va sharoitlarni yaratib berishimiz zarur.

Keyingi 3-4 yilda tadbirkor uchun kredit va subsidiya olish, litsenziya, ko‘chmas mulk va resurslarga ega bo‘lish, eksport kabi masalalarda ko‘plab yangi-yangi imkoniyat va sharoitlarni yaratdik. Ortiqcha tekshirishlar, naqd pul, valyuta va xomashyo bo‘yicha mavjud cheklovlar, to‘siq va g‘ovlarning ko‘piga barham berildi.

Eng asosiysi, el orasida va davlat idoralarida tadbirkorlarga nisbatan munosabat o‘zgardi, jamiyatda ularning obro‘ va mavqei kun sayin tobora ortib bormoqda. Natijada ichki va tashqi bozorda o‘z mustahkam o‘rniga, nufuzi va brendiga ega bo‘lgan, haqiqiy tadbirkorlarimiz sinfi shakllana boshladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida tadbirkor yoshlar va ayollar safi kengayib borayotganini alohida ta’kidladi.

– Men bugun ushbu zalda va joylardagi studiyalarda qatnashayotgan yuzlab tadbirkor yoshlar va opa-singillarimizni ko‘rib turganimdan benihoyat xursandman.

Biz keyingi 2 yilning o‘zida, faqatgina xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga 500 million dollar mablag‘ yo‘naltirdik. Ularni o‘z biznesini boshlashi, jumladan kasb va tadbirkorlikni puxta o‘rganishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi.

So‘nggi 5 yilda yosh tadbirkorlar 5 barobar ko‘payib, ularning soni 500 mingdan oshdi.

Tadbirkor ayollar va yoshlar safini yanada kengaytirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bundan keyin ham iqtisodiy siyosatimizning eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi, – dedi Prezident.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Shavkat Mirziyoyev: «Cheklovlar, to‘siq va g‘ovlarning ko‘piga barham berildi»