16:16 / 20.05.2022
981

Rasul Kusherbayev Twitter bloklanishi sababi yuzasidan «O‘zkomnazorat»ga deputatlik so‘rovi yubordi

Rasul Kusherbayev Twitter bloklanishi sababi yuzasidan «O‘zkomnazorat»ga deputatlik so‘rovi yubordi
Foto: Telegram / Rasul Kusherbayev
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev «O‘zkomnazorat» davlat inspeksiyasi rahbariga Twitter ijtimoiy tarmog‘ining O‘zbekistonda bloklanishi masalasida asoslantirilgan tushuntirish berish va cheklovni olib tashlash choralarini ko‘rish masalasidagi talab bilan deputatlik so‘rovi yubordi.

«Fikrimcha, bu kabi cheklovlar ijobiy natijadan ko‘ra ko‘proq salbiy oqibat keltirib chiqarmoqda. Chunki foydalanuvchilar internetdagi ‘blok’larni aylanib o‘tish maqsadida turli VPN dasturlaridan foydalanish ortidan boshqa xavfli va taqiqlangan manbalardan ham foydalanishga o‘tib, kattaroq huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymoqda. So‘rovga 10 kun ichida javob berilishi kerak. Ko‘ramiz...», — deb yozadi u.

Skrinshot: Twitter
Bundan oldin Kusherbayev Twitter’dagi sahifasiga ijtimoiy tarmoq qachon blokdan chiqarilishi mumkinligini so‘rab, post qoldirgandi. Bir qancha foydalanuvchilar unga aynan deputatlar ijtimoiy tarmoqlar faoliyatini bloklashni nazarda tutuvchi qonunni qabul qilganini eslatib qo‘ygan. Boshqalar esa deputatlik so‘rovi yuborishni maslahat bergan. Foydalanuvchilarning bir qismi esa Twitter «saylovdan bir oy oldin» yoki «futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionatiga chiqsagina» blokdan chiqarilishi mumkinligi haqida hazil qilishdi.

Twitter’ning bloklanishi

«O‘zkomnazorat» 2021 yili yoz oylarida — «fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berishning qonuniy talablari» buzilgani uchun Twitter, shu bilan birga, TikTok, «VKontakte», WeChat va Skype messenjeriga cheklov o‘rnatgandi. Qonunga ko‘ra, xorijiy kompaniyalar mamlakat ichkarisida O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlarini qayta ishlaydigan serverlarni joylashtirishi kerak. Buni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar haqidagi qonunni 2021 yil boshida prezident imzolagandi, ungacha esa Qonunchilik palatasi va Senat tomonidan ma’qullangan. U 2021 yil aprel oyi o‘rtalarida kuchga kirgandi.

2021 yil 2 iyul kuni esa O‘zbekistonda ayrim ijtimoiy tarmoqlar, xususan, Twitter va TikTok’dan foydalanish rasman cheklandi. 2022 yilning fevral oyida O‘zbekistonda TikTok’ni butunlay bloklash taklif qilingandi. Bunga Adliya vaziri munosabat bildirib, axborot erkin tarqatilishi tarafdori ekanini aytgan va jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish kerakligini ta’kidlagan.

2022 yilning 16 mart kuni O‘zbekistonda Twitter va TikTok VPN ilovalarisiz ishlay boshladi. Biroq ko‘p o‘tmay ijtimoiy tarmoqlarga kirish yana cheklandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Rasul Kusherbayev Twitter bloklanishi sababi yuzasidan «O‘zkomnazorat»ga deputatlik so‘rovi yubordi