
Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh assambleyasi 75-sessiyasida
14 dekabr kuni BMT Bosh assambleyasi “Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishishni jadallashtirishda parlamentlar rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyani bir ovozdan ma’qulladi.
O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu rezolyutsiyani qabul qilish taklifi Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2020 yilda BMT Bosh assambleyasi 75-sessiyasida ilgari surilgan.
Rezolyutsiyada COVID-19 pandemiyasidan keyingi davrda hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaslikni ta’minlagan holda keng ko‘lamli, barqaror va izchil tiklanishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida hamjihatlik, birdamlik va har tomonlama hamkorlikka sodiqlikni mustahkamlashda parlamentlar muhim o‘rni qayd etiladi.
Bosh assambleya davlatlarni parlamentlarni qo‘llab-quvvatlashga, ularni BRMga erishish bo‘yicha kelgusi faoliyat va ular erishilishini kuzatish jarayonlariga, ixtiyoriy milliy ma’ruzalarni tayyorlashga jalb qilish, milliy mas’uliyat va hisobdorlikni ta’minlash va kuchaytirish uchun ularga yordam berishga chaqiradi.
Xotin-qizlar qonun chiqaruvchi organlar ishida va parlament jarayonlarida to‘liq, teng huquqli va ta’sirchan ishtirokiga ko‘maklashish orqali BRMga erishishni jadallashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlar markaziy omili sifatida gender tenglikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan.
2030 yilga qadar bo‘lgan davrdagi kun tartibi muvaffaqiyatli amalga oshirilishida yoshlar o‘rni va hissasi muhimligi, yoshlar parlament jarayonlarida to‘liq, teng huquqli va ta’sirchan ishtirokini ta’minlash zarurligi e’tirof etilgan.
Dunyo barcha qit’alaridagi 80 ta davlat, Markaziy Osiyo mamlakatlari, Avstriya, Bangladesh, Bahrayn, Belgiya, Germaniya, Jazoir, Ispaniya, Indoneziya, Italiya, Kolumbiya, Koreya, Malayziya, Misr, Niderlandiya, Norvegiya, Pokiston, Portugaliya, Rossiya, Singapur, Finlyandiya, Fransiya, XXR, Shvetsiya, Yaponiya, Qatar va boshqalar hujjat hammualliflari bo‘ldi.
BMT tuzilmalari va boshqa xalqaro tashkilotlar rezolyutsiyani olqishladilar. Rezolyutsiya parlamentlar uchun o‘ziga xos dasturilamal bo‘lishi, BRMni jadal amalga oshirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini faollashtirishi qayd etilmoqda.
Parlamentlararo ittifoq ushbu hujjatni 2023 yil sentyabr oyida BMT Bosh assambleyasi 78-sessiyasi Oliy darajadagi haftasi doirasida bo‘lib o‘tadigan BRM sammitiga tayyorgarlik yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar