24 fevral, juma kuni AOKA tashkilotchiligida Toshkent shahar IIBB vaqtinchalik hibsxonasida saqlanayotgan You Tube platformasida blogerlik qilib kelgan, ayni paytda Jinoyat kodeksining 168 va 165-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanib tergovga jalb qilingan Abduqodir Mo‘minov bilan uchrashuv tashkil qilindi.
Abduqodir Mo‘minovga, avvalo, u haqda tarqalgan noxush xabar (uning hibsxonada vafot etgani haqidagi xabar tarqalgan edi) haqida bildirib, uning sog‘ligi bilan qiziqdik.
– Sog‘ligim yaxshi, sog‘ligim bilan muammo ham bo‘lganicha yo‘q. Hamma yaxshi muomala qilyapti. Men o‘zim ham bunday tasavvur qilmagandim. Xonamiz bor – hozirgi yotgan xonamiz. Hammasi ozoda, uch mahal yaxshi ovqat berilyapti.
– Tergov jarayonlarida ruhiy yoki jimoniy tazyiqlar qilinmayaptimi? Umuman, tergov jarayonlarida qonuniyllikdan chetlanish holatlari bo‘lmayaptimi?
– O‘zim nima xato qilgan bo‘lsam, shu bo‘yicha tergov bo‘lyapti. Hammasi qonuniy. Menga nisbatan jismoniy yoki ruhiy tazyiqlar bo‘lgani yo‘q.
– Advokat masalasi-chi? O‘z vaqtida advokat xizmatidan foydalanyapsizmi?
– Davlat tomonidan berilgan advokatdan foydalanyapman. Ochig‘ini aytaman, birinchi marta Bobur Muqaddamov degan advokat kelgan edi. U bilan o‘rtamizda avvaldan ziddiyat bor edi. Shuning uchun undan voz kechdim va o‘zimga ko‘proq ishonganim yaxshi, deb o‘yladim.
– Ko‘chadan yegulik, kiyim-kechak kiritishyaptimi?
– Ha, mana kiyimim bu yerga kelganimda boshqacha edi, ustimdagi kiyimni olib kelishgan ekan (ustidagi kiyimiga ishora qilib)...
– Yaqinlaringiz oziq-ovqat ham kirgizishyaptimi?
– Yo‘q, ovqati yaxshi bu yerni. Oziq-ovqat shart emas. Rostdanam yaxshi ovqati. To‘g‘risini aytaymi, o‘ylamagandim bunaqa ovqat beradi deb. Uch mahal, yaxshi ovqat, go‘shtli.
– Advokat masalasini tushuntirib bersangiz...
– Ha, davlat tomonidan berilgan advokat bilan ishlayapman, yaxshi inson ekan. Ayrim huquqiy jihatdan maslahat so‘rasam, to‘g‘ri-to‘g‘ri aytib, tushuntiryapti. Bobur (Bobur Muqaddamov, -tahr.)dan voz kechishimga sabab, menga qarshi ishlashga harakat qilganday tuyuldi. Bunga avvaldan ziddiyatda bo‘lganimiz sabab, menimcha. Kecha (23-fevral, -tahr.) onamga ham bu advokatga bir tiyin ham pul bermang, umuman undan uzoq yuring, dedim. To‘g‘risi, shundan keyin boshqa advokatlarga ishonch qolmadi. Shuning uchun o‘z huquqimni o‘zim himoya qilganim yaxshi. Qaytaga davlat tomonidan berilgan advokat bosiq, joyida, imkon qadar menga yordam berishga harakat qilyapti. To‘g‘risini aytishim kerak.
– Sizning sog‘ligingizdan xavotir olgan va «vafot etdi» degan mazmundagi noxush xabarni tarqatayotganlarga nima deysiz?
– Bilmasdan turib tuhmat qilishmasin. Mening o‘zim ham, xabaringiz bor, O‘zbekiston hukumatini jiddiy tanqid qilib kelar edim. Lekin o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, unday emas. Ochig‘ini aytaman, mana, yashiradiganim yo‘q. To‘g‘ri gapirib o‘rgangan odamman. Kimdir urgan yoki boshqa shu kabi holatlar bo‘layotgani yo‘q. Tergov harakatlari qonun doirasida qanday bo‘lsa, shu bo‘yicha ketyapti. Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rmay-bilmay turib (tasdiqlanmagan xabarlarni, -tahr.) tarqatish kerak emas. Mening o‘zim ham bunday tasdiqlanmagan va ishonchsiz ma’lumotlarni yoritishni yomon ko‘rganman. Kimlardir gapiryapti, chiqaryapti, o‘ziga insof bersin. Kecha, masalan, onam bilan ko‘rishdim (Zoom platformasi orqali, -tahr.). Xolamlar bilan ham ko‘rishdim, rahmat hammasiga.
***
Biz suhbat so‘ngida unga salomatlik va mushkuli tez orada arishini tilab, bu suhbatni e’lon qilishimizni, agar xohlasa, video va fotolari bilan boyitishimizni aytdik.
– Video va audioni chiqarmanglar, iltimos. Suratimni internetdan olib qo‘yavering. Ko‘rib turibsizlar, o‘zgarganim yo‘q, holatim xuddi avvalgiday, – deydi u.
Biz yana bir bor unga sog‘lik tilab, poytaxt IIBB vaqtinchalik hibsxonasidan chiqdik.
Elbek BOYMURADOV
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)