14:55 / 28.06.2023
152

Hayit bayramini zavqli o‘tkazishning besh usuli

Hayit bayramini zavqli o‘tkazishning besh usuli

Beg‘ubor bolalikning shirin damlari bayramda onajonimiz tayyorlagan lazzatli taomlar-u oppoq bayram dasturxoni atrofida jamuljam bo‘lgan qarindosh – urug‘lar bilan chambarchas bog‘liq.

Shubhasiz bayramlar farzand tarbiyasiga o‘z ta’sirini o‘tkazadi, bolani qadriyatlarni qabul qilishga, atrofdagilar, yaqinlari bilan munosabati  shakllanishiga hissa qo‘shadi.

Bolalikdagi bu unutilmas onlar bolaga  hayotda ishonch bilan odimlashda yordam beradi.

Dinimizda hatto bayramlarda ham juda katta hikmatlar ko‘zda tutilgan.

Hayit musulmon kishi uchun Yaratganning roziligini qozonish, Unga bo‘lgan muhabbat va shukrni ifodalash, nuridiydalarimizga bayramning mohiyatini anglatish va bu quvonchli kunlarni yanada intiqib kutishlari uchun ushbu ayyomni bor go‘zalliklari bilan ko‘rsatib berish demakdir.

Bayramni yanada fayzli o‘tkazish uchun ba’zi tavsiyalarni siz bilan baham ko‘rmoqchimiz:

  1. Xonadonimizga bayram kayfiyatini kiritish

Bola kelayotgan bayram haqida eshitish bilan birga bu quvonchli kunga o‘zi ham tayyorgarlik ko‘rish ishlarida ishtirok etishi juda muhim.

Farzandlaringiz bilan birga uyingizni qanday qilib bezash haqida bosh qotiring: Sharlar, plakatlar, gullar – bularning hammasi uyingizga bayram shukuhini baxsh etadi.

  2. Bayram mohiyatini tushuntirish

Kichik yoshlaridanoq bolalar hayit faqatgina konfet va shirinliklarni to‘yib yeyishu hayitliklar yig‘ish kuni emasligini, aksincha, Qurbon hayiti butun insoniyat uchun muhim va ibratli kun ekanini bilishi shart.

Nuridiydangizga Allohga bo‘lgan muhabbat va Uning amrlariga taslim bo‘lishning timsoli bo‘lgan Ibrohim alayhissalom qissasini hikoya qilib bering.

  3. Sovg‘asiz bayram bayrammi?

Hayitga bir necha kun qolganda bolalaringizga; bobojon- buvijonlarga,  yaqinlarga tabrik qog‘ozlari va sovg‘a-salomlarni tayyolashni topshiring yoki ularni yordamga chaqiring.

Balki dilbandingiz ham anchadan buyon orzu qilib yurgan narsani sovg‘a tarzida olar. Axir hayit yaqinlarimizni xursand qilish uchun ajoyib imkoniyat.

  4. Bayram dasturi

Ko‘pincha hayit deganda noz-ne’matga to‘la dasturxon atrofida chaqchaqlashib o‘tirgan kattalar va ko‘chada shataloq otgancha hayitlik pullarini do‘konchadan bo‘lmag‘ur narsalarni olishga sarflayotgan bolalar ko‘z oldimizga keladi.

Bayram faqat qorin to‘ydirishdan iborat bo‘lib qolmasligi uchun avvalroq bolalar uchun mo‘ljallangan bayram dasturini tuzib qo‘ying:

Quvnoq bellashuvlar, uncha murakkab bo‘lmagan viktorinalar bolalardagi energiya-quvvatni kerakli narsalarga yo‘naltirishda juda qo‘l keladi.

  5. Hayit – yaxshilik qilish kuni

Farzandingiz  bu ajoyib kunning hikmatini his qilishi uchun qurbonlik go‘shtlarini muhtojlarga tarqatib chiqishda siz bilan birga ishtirok etishga undang. Bu bilan u yaxshilik qilishga kichik yoshidanoq odatlanadi va buning rohatini qalbida his qilishni o‘rganadi.

Manba: Azon.uz


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Hayit bayramini zavqli o‘tkazishning besh usuli
ePN