11:50 / 06.07.2023
417

Tatyana Karimova va Pyotr Karimov nizosi kelishuv bilan yakunlanadi(mi?)

Tatyana Karimova va Pyotr Karimov nizosi kelishuv bilan yakunlanadi(mi?)

Pyotr Karimov va Tatyana Karimova

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudida O‘zbekistonning birinchi prezidenti, marhum Islom Karimovning turmush o‘rtog‘i Tatyana Karimovaga nisbatan fuqarolik ishi ko‘rib chiqilmoqda — da‘vogar Islom Karimovning birinchi nikohidan bo‘lgan farzandi Pyotr Karimov. Da’vo predmeti sifatida vorislik huquqidan kelib chiqqan nizo ko‘rsatilgan. Ayni vaqtda Tatyana Karimova tomonidan ishni yopiq sud majlisida ko‘rish to‘g‘risida sudga kiritilgan iltimosnoma qanoatlantirilgan va sudda noma‘lum muddatga qoldirilgan.

“Daryo” muxbiri Karimovlarning nizosi taxminan qanday kechishi yuzasidan advokat Bahodir Ahmedovdan izoh oldi.

Advokatning aytishicha, Karimovlar nizosiga o‘xshash holatlar amaliyotda aksar hollarda kelishuv bilan yakunlanadi.

“Nizoni kelishuv bitimi yoki mediativ yo‘l bilan kelishuv bo‘lishi mumkin. Kelishuv bitimi Fuqarolik protsessual kodeksining 166-moddasida keltirib o‘tilgan. Bu har qanday sudning bosqichida tuzilishi mumkin bo‘lgan muqobil choralardan bittasi. Yaʼni bu birinchi instansiya sudida ham, apellyatsiya sudida ham bo‘lishi mumkin. Oliy sudda va hattoki ijro jarayonida ham kelishuv bitimi tuzilishi mumkin.

Kelishuv bitimida taraflar o‘zaro kelishuv bitimini imzolaydi. Sud uni tasdiqlaydi va ajrim chiqaradi. Agar ijro jarayonida davom etayotgan paytda kelishuv bo‘lsa, unda birinchi instansiya sudiga beradi. Birinchi instansiya sudi ishni ko‘rib chiqib, ajrim chiqarib beradi. Kelishuv bitimida ham xohlagan narsani kelisholmaydi. Aytaylik, noqonuniy narsani kiritish mumkin emas. Masalan ‘falon joyga menga uy qurib berasan’, mazmunidagi kelishuv kiritilmaydi. Shuningdek uchinchi shaxslarga daxl qiladigan masalalarni kiritish ham mumkin emas”, — dedi advokat.

Uning aytishicha, Karimovlar nizoni mediatsiya yo‘li bilan kelishishi ham ehtimoldan holi emas.

“Mediatsiya instituti O‘zbekistonda hali unchalik rivojlanmagan. Lekin juda zaruriy bo‘lgan, aynan oilaviy nizolarda butun dunyoda amaliyotda qo‘llaniladigan institut. Shuni alohida taʼkidlab o‘tish kerakki, mediatsiya faqatgina birinchi instansiya sudida amalga oshiriladi.

Mediatsiyada taraflar kelishayotgan paytda o‘rtada mediator ishtirokida muqobil yo‘l bilan nizo hal qilinadi. Mediator ikki xil: professional yoki noprofessional bo‘lishi mumkin. Professional mediator Adliya vazirligining tegishli o‘quv kurslarini tugatgan va Adliya vazirligidagi reyestrga kiritilgan shaxs bo‘lishi mumkin.

Vorislik bo‘yicha mediatsiya qilinadigan bo‘lsa, taraflarni o‘zaro kelishtirib va keyinchalik ham bu bo‘yicha nizo kelib chiqmaydigan qilib bajarishga harakat qiladi. Nizolashayotgan tomonlar birorta professional mediatorga o‘zlari boradi. Albatta mediator maʼlum haq evaziga xizmat ko‘rsatadi.

Mediatsiya instituti biz uchun juda ham kerak. Bu butun dunyoda rivojlanyapti. Masalan, bizga yaqin davlatlardan Turkiyani, Qozog‘istonni ko‘radigan bo‘lsak mediatsiya judayam yaxshi ishlab kelyapti. Bu sudlarda ham maʼlum bir ish hajmining kamayishiga sabab bo‘ladi”, — dedi Bahodir Ahmedov.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Tatyana Karimova va Pyotr Karimov nizosi kelishuv bilan yakunlanadi(mi?)
ePN