13:30 / 07.07.2023
85

O‘zbekistonda lizing oluvchilarning mulkiy huquqlari kafolati yanada kuchaytiriladi

O‘zbekistonda lizing oluvchilarning mulkiy huquqlari kafolati yanada kuchaytiriladi

Foto: Qonunchilik palatasi matbuot xizmati

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ijara va lizing munosabatlarini tartibga solishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokama qilindi. Bu haqda parlament quyi palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, keyingi yillarda O‘zbekistonda ijara va lizing sohalarida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu sa’y-harakatlar tufayli aholining mazkur turdagi xizmatlarga bo‘lgan talablarini qondirishga imkoniyatlar yaratilyapti. Shu bilan birga, fuqarolarning ishonchiga kirib ularni aldov va firibgarlik yo‘li bilan ijara va lizing munosabatlarida jinoyat sodir etish holatlari ortib bormoqda.

Ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilayotgan qonun loyihasida ijara va lizing munosabatlariga oid 2 ta qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilyapti. Ya’ni keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga berish shartnomasining aniq ta’rifi, shartnoma obyektini tasarruf etish va garovga qo‘yish, undiruvga qaratishning o‘ziga xos xususiyatlari kiritilmoqda.

“Amaldagi qonunchilikda keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga oluvchilarning kelgusida shartnoma obyektini mulk qilib olishdagi huquqlarini himoya qilishga doir mexanizmlar yetarlicha emas. Shu bois, ushbu turdagi shartnomaning o‘ziga xos xususiyatlarini qonunchilikda aniq aks ettirish taklif etilyapti”, — deyiladi xabarda.

Masalan, “Lizing to‘g‘risida”gi qonunga lizing shartnomasi tuzilgan vaqtdan e’tiboran shartnoma obyekti lizing beruvchi tomonidan majburiyatlar bajarilishini ta’minlash uchun lizing oluvchida garovga olingan hisoblanishi to‘g‘risidagi norma kiritish taklif qilinmoqda. Bunda, alohida garov shartnomasi tuzish talab etilmaydi hamda vakolatli organ shartnoma obyektini lizing shartnomasiga asosan garov reyestriga kiritadi.

Shuningdek, lizing beruvchi lizing oluvchining roziligini olmay turib, lizing obyektini boshqacha tarzda tasarruf etish huquqiga ega emasligi nazarda tutuvchi norma bilan to‘ldirish belgilanmoqda.

Deputatlarning ta’kidlashicha, loyihaning qabul qilinishi ijara va lizing munosabatlarida qonuniylikni ta’minlash va firibgarlik jinoyatlarini oldini olish, shuningdek, lizing munosabatlari subyektlari huquqlarini ta’minlash va huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etishga xizmat qiladi. Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda lizing oluvchilarning mulkiy huquqlari kafolati yanada kuchaytiriladi
ePN