00:15 / 15.07.2023
126

“Havoning 34–36 darajadan issiq bo‘lishi sog‘liqqa xavfli”— Bandlik vazirligi

“Havoning 34–36 darajadan issiq bo‘lishi sog‘liqqa xavfli”— Bandlik vazirligi

Ayni kunlarda O‘zbekistonda issiq havo harorati kuzatilmoqda. Bunday sharoitda korxonalarda ishlayotgan xodimlar va ish beruvchilar bajarishi kerak bo‘lgan bir qator tartiblar mavjud. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi axborot xizmati “Daryo” so‘roviga javoban, mazkur masalada mehnat qonunchiligida nazarda tutilgan qoidalarni tushuntirdi.

Sanitariya-gigiyena masalasi

Respublikada kuzatilayotgan yuqori haroratli ob-havo sharoitlarida korxonalarda ishlayotgan xodimlar va ish beruvchilar belgilangan tartibdagi mikroiqlim bo‘yicha sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilishlari talab etiladi. Havoni mahalliy sovutish, havo dushlari, dam olish xonalari, yuqori haroratdan himoyalanish uchun maxsus kiyimlar, shaxsiy himoya vositalari, ish va dam olish vaqtini reglamentlash kabi jarayonlar shular jumlasidandir.

Issiqlikdan shikastlanishning oldini olish maqsadida to‘sib turuvchi yuzalarning harorati 45 darajadan ortib ketmasligi kreak.

Mehnat kodeksining 352-moddasi hamda “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunning 23-moddasiga muvofiq, barcha korxonalarda xavfsizlik va gigiyena talabalariga javob beradigan mehnat sharoitlari yaratilgan bo‘lishi lozim. Bunday sharoitlarni yaratib berish ish beruvchi majburiyatiga kiradi. Sexlar, ishlab chiqarish binolarida sanitariya-gigiyena talablariga javob beradigan zarur issiqlik, namlik rejimini yaratish, shamollatish qurilmalari, konditsionerlar tizimlariga ega bo‘lish hamda undan foydalanish lozim. Texnik jihatdan bunday uskunalarni o‘rnatish va ishlatish imkoni bo‘lmagan taqdirda xodimlarning ish rejimini o‘zgartirish hamda dam olish vaqtlarini ko‘paytirish yoki ish vaqtining qisqartirilishi, xodimlarni bepul toza ichimlik suvi bilan taʼminlash choralari ko‘rilishi lozim.

Inson sog‘lig‘i uchun xavfli harorat

Mehnat sharoitlari bo‘yicha yilning issiq davrida ochiq maydonlarda bajariladigan ishlar kategoriyasiga muvofiq, havo harorati 34–36 darajadan yuqori bo‘lganda inson sog‘lig‘i uchun o‘ta xavfli hisoblanib, mazkur holatda ish rejimini o‘zgartirib, kunning salqin vaqtlariga ko‘chirish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Mehnat kodeksining 356-moddasiga muvofiq, xodim ish jarayonida o‘zining hayoti va sog‘lig‘iga tahdid soluvchi holatlar yuzaga kelib qolgani to‘g‘risida ish beruvchiga darhol xabar berishi, mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishini tekshirib borish va nazorat qilish bilan shug‘ullanuvchi organlar ana shu holatlarni tasdiqlagan taqdirda ish beruvchi bu holatlarni bartaraf etish choralarini ko‘rishi lozim. Shu davr mobaynida xodimning o‘rtacha ish haqi saqlab qolinadi.

Tavsiyalar

Ob-havo harorati yuqori bo‘lgan taqdirda quyidagilar tavsiya etiladi:

  • to‘g‘ridan to‘g‘ri quyosh nurlaridan saqlanish;
  • ko‘proq soyada bo‘lish;
  • yorqin rangdagi, yengil, tabiiy matolardan tikilgan kiyimlar kiyish, issiqdan himoyalanish uchun bosh kiyim yoki soyabon bilan yurish;
  • jismoniy faoliyatni kamaytirish;
  • avtomashinani boshqarish vaqtini kamaytirish;
  • iliq yoki gazlanmagan mineral suv ichish;
  • spirtli ichimliklar yoki tamaki mahsulotlarini isʼtemol qilmaslik tavsiya etiladi.

Odam yashay oladigan maksimal harorat

Londondagi Rohampton universiteti olimlari odamning yashashi mumkin bo‘lgan yuqori kritik chegara qanday harorat ekanini aniqlagani xabar qilingandi. Mutaxassislar inson yashashi uchun mos bo‘lgan yuqori kritik chegara 40 dan 50 daraja Selsiy oralig‘ida ekanini aytgan. Buni aniqlash uchun tadqiqotchilar har xil harorat va namlikda bo‘lgan hammomga o‘xshash maxsus kameraga chiqqan. Harorat oshishi bilan metabolizm tezligi oshgan, ya’ni 40 daraja haroratda 35 foizga, 50 darajada esa 50 foizga tezlashgan.

Metabolik jarayonlar odatdagi haroratga qaraganda ko‘proq energiya talab qiladi. Bundan tashqari, issiqlik yurak va qon tomirlarining holatiga juda yomon ta’sir qiladi. O‘tgan iyun oyi havo harorati bo‘yicha eng issiq oy bo‘ldi. Iyul ham o‘z rekordini o‘rnatishi xavfi bor. AQSH janubi va Xitoyning ayrim qismlarida, Shimoliy Afrikada iyul oyida harorat 50 darajagacha ko‘tarildi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Havoning 34–36 darajadan issiq bo‘lishi sog‘liqqa xavfli”— Bandlik vazirligi
ePN