Foto: Videodan kadr
Toshkent shahri Sergeli tumanidagi omborxonada kuchli portlash oqibatida yirik yong‘in ro‘y berdi. O‘zbekiston FVV vaziyat yuzasidan dastlabki ma’lumotlarni taqdim etdi.
«Bugun, 28 sentyabr kuni soat 02:43 da Toshkent shahar Sergeli tumani «Quruvchilar» dahasida joylashgan omborxonalarning birida kuchli chaqnash oqibatida yong‘in sodir bo‘lganligi to‘g‘risida FVBga xabar tushgan.
Shunga ko‘ra, 16 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji va 3 ta avtonarvon soat 02:48 da hodisa ro‘y bergan hududga yetib borib, hozirda yong‘inni o‘chirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Yong‘in oqibatida fuqarolarni tan jarohati olish va halok bo‘lish holatlari bo‘yicha hozircha ma’lumot kelib tushmadi.
Hodisa yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi», deyilgan xabarda.
FVV Sergeli tumanidagi hodisa «Samolyot qulashi oqibatida sodir bo‘lgani» haqidagi xabarlarni qat’iyan rad etgan.
«Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda Sergeli tumanidagi hodisa «Samolyot qulashi oqibatida sodir bo‘lgan» mazmunidagi feyk xabarlar tarqalmoqda. Bu mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Yong‘in hodisasi «Inter Logistics» MCHJga qarashli omborxonada sodir bo‘lgan», deyilgan xabarda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!