date
views 211

Toshkentda uy-joy narxi qimmatlashishda davom etadimi?

Toshkentda uy-joy narxi qimmatlashishda davom etadimi?

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari Toshkent shahridagi uy-joy ijara narxlarining daromadlilik darajasini tahlil qildi.

Uy-joyga kiritiladigan investitsiyadan olinadigan daromad ikki qismga bo‘linadi, ya’ni uy-joy narxining oshishi (tushishi) keltiradigan foyda (zarar) va uy-joyni ijaraga berishdan olinadigan daromad.

Hisob-kitob natijalariga ko‘ra, 2023 yilning avgust oyida uy-joy o‘rtacha narxining yillik eng yuqori o‘sishi Yunusobod (37,1 foiz) va Mirzo Ulug‘bek (35,7 foiz) tumanlarida qayd etilgan bo‘lsa, nisbatan pastroq o‘sish Sergeli (27,8 foiz) va Olmazor (24,4 foiz) tumanlarida kuzatilgan.

Bundan tashqari, ko‘chmas mulk egalarining uylarini ijaraga berishidan (uy qiymatiga nisbatan) olinadigan daromad bo‘yicha, Mirzo Ulug‘bek (12 foiz) va Chilonzor (10,6 foiz) tumanlarida eng yuqori daromad olinayotgan bo‘lsa, nisbatan pastroq daromad Sergeli (8,5 foiz) va Uchtepa (8,2 foiz) tumanlarida olinyapti.

MHTI mutaxassislarining ta’kidlashicha, agar 2023 yilning sentyabr oyida Global Property Guide nashri tomonidan 58 ta davlat uchun e’lon qilingan uy-joyni ijaraga berishdan olinadigan o‘rtacha daromad reytingiga Toshkent shahri (10 foiz) qo‘shilganida, Gruziyadan (12,4 foiz) keyin 2-o‘rinni egallagan bo‘lardi. Mazkur reytingda Gruziyadan keyingi o‘rinlarni Janubiy Afrika Respublikasi (9,9 foiz), Irlandiya (8,1 foiz), Puerto-Riko (8,1 foiz), Latviya (7,8 foiz), Kolumbiya (7,7 foiz), Marokash (7,6 foiz), Indoneziya (7,6 foiz) va Litva (6,7 foiz) davlatlari egallagan.

Tumanlar va uylar bo‘yicha ko‘p qavatli uylardagi xonadonlar narxining o‘zgarishidan olinadigan foyda va ijara daromadlarining birgalikdagi ta’siri baholanganda 2 va 3 xonali turar joylar investitsiyalarning daromadliligi nuqtai nazaridan istiqbolli bo‘lib chiqqan. Bunday uy-joylar ijarasidan kelayotgan daromadning o‘zi o‘rtacha 10 foizni tashkil etmoqda.

Xuddi shu davr mobaynida muddati bir yildan ortiq bo‘lgan xorijiy valyutadagi bank depozitlarining o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi 2022 yilning avgust oyidagi 4,3 foizdan 2023 yilning avgust oyida 5,5 foizga oshgan.

Uy-joy narxlari oshib borayotgan sharoitda ijaradan kelayotgan daromadning jozibadorligi aholi jamg‘armalarining ko‘chmas mulkka yo‘naltirilishini yanada rag‘batlantiradi. Bu esa uy-joyga bo‘lgan talabni yanada oshirib, ular narxining yanada qimmatlashishiga olib kelishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkentda uy-joy narxi qimmatlashishda davom etadimi?