10:09 / 02.07.2024
258

Uchta tumanning hokim o‘rinbosarlari pora bilan ushlandi

Uchta tumanning hokim o‘rinbosarlari pora bilan ushlandi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumani hokimining qurilish, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari o‘zining mansab vakolatini suiiste’mol qilgan holda, hokimlik balansida bo‘lgan va rejaviy buzilishga tushgan uyni mahalliy fuqaroga buzish ishlarini olib borish hamda buzish davomida chiqqan materiallardan o‘z xohishiga ko‘ra foydalanish (sotish) vakolatini beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga 35 mln so‘m talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, hokim o‘rinbosari so‘ralgan pul mablag‘idan 32 mln so‘mni o‘zining xizmat xonasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Shuningdek, Andijon viloyati Bo‘ston tumani fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi o‘zining nomida bo‘lgan va chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalik tasarrufidagi 10 gektar yer maydonini eksportbop mahsulotlar yetishtiriluvchi yer toifasiga o‘zgartirib, shuningdek, bu haqida tuman hokimining ekin maydonlarini joylashtirish to‘g‘risidagi qarorini chiqartirib, uni kavrak o‘simligi yetishtirmoqchi bo‘lgan tadbirkorga 3 yilga foydalanishga berish evaziga 20 ming AQSH dollari talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u oldindan 10 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, kengash raisi avans sifatida olgan pul mablag‘ini Bo‘ston tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosariga berishi kerakligi ma’lum bo‘lib, tezkor tadbir davom ettirildi hamda ushbu mansabdor shaxs ham 10 ming AQSH dollarini o‘zining xizmat avtomashinasida olgan vaqtida ushlandi.

Toshkent viloyatida kuzatilgan holatda esa, Favqulodda vaziyatlar vazirligining Bo‘ka tumani bo‘limi boshlig‘i 2022 yilda qurilgan ko‘p qavatli uy uchun «Qurilishi tugallangan obyektni foydalanishga qabul qilish to‘g‘risida davlat qabul qilish dalolatnomas»ni tasdiqlatib berish evaziga 2500 AQSH dollari talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, uning topshirig‘iga ko‘ra, talab qilingan pul mablag‘ini olgan vaqtida tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimi ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, Bo‘ka tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i 1200 AQSH dollarini Bo‘ka tumani hokimining qurilish, kommunikatsiya, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosariga berishi kerakligi ma’lum bo‘lib, tezkor tadbir davom ettirildi hamda mazkur mansabdor shaxs ushbu pul mablag‘ini o‘zining xizmat avtomashinasida olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda uchala holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismining tegishli bandlari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Tergov harakatlari olib borilmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Uchta tumanning hokim o‘rinbosarlari pora bilan ushlandi