18:00 / 08.08.2024
78

Davlat imtihonlarida qancha abituriyent 189 va undan yuqori ball olgani ma’lum qilindi

Davlat imtihonlarida qancha abituriyent 189 va undan yuqori ball olgani ma’lum qilindi
8 avgust kuni Bilimlarni baholash agentligi davlat imtihonining ilk natijalari bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazdi, deb xabar bermoqda Kun.uz nashri.

Ma’lum qilinishicha, 2024/2025 o‘quv yili uchun o‘tkazilgan test sinovlarida 740 352 nafar abituriyent ishtirok etgan bo‘lib, ularning 418 ming nafardan ortig‘i yoki 56,5 foizi 56,7 dan yuqori ball to‘plab, tanlovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich 2023 yilda 53,3 foiz edi.

Agentlik direktor o‘rinbosari Farhod Mirzayevning ma’lum qilishicha, abituriyentlarning 210 nafari 189 va undan yuqori ball to‘plagan. 189 dan yuqori ball to‘plagan 91 nafar abituriyent “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi bitiruvchilari bo‘lgan. Eng yuqori ball 217,4 bo‘lib, uni asosiy fanlari tarix va chet tili bo‘lgan “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi bitiruvchisi qayd etgan.

Ma’lumot uchun, 2023 yilda 189 dan yuqori ball to‘plaganlar 119 nafar bo‘lgan.

Shuningdek, 189 va undan yuqori ball to‘plagan 210 nafar abituriyentning:
  • 77 nafari imtihon topshirgan fanlar majmuasidagi asosiy fanlari tarix va chet tili bo‘lgan;
  • 43 nafari imtihon topshirgan fanlar majmuasidagi asosiy fanlari biologiya va kimyo bo‘lgan;
  • 40 nafari imtihon topshirgan fanlar majmuasidagi asosiy fanlari ona tili va adabiyot hamda ingliz tili bo‘lgan;
  • 21 nafari imtihon topshirgan fanlar majmuasidagi asosiy fanlari davlat huquq asoslari va chet tili bo‘lgan abituriyentlar hisoblanadi.

Bundan tashqari, Mirzayev test sinovlarida ishtirok etgan abituriyentlarning qanchasi milliy sertifikatga ega bo‘lgani haqida ham ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, abituriyentlarning 43 677 nafari (2023 yilda 25 661 nafar) chet tili sertifikatiga ega bo‘lgan. Ularning 76 nafari maksimal ball to‘plagan.

Umumta’lim fanlaridan milliy sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlar esa 13 142 nafarni (2023 yilda 3 255 nafar) tashkil etib, ulardan 118 nafari maksimal ball olgan. Ham umumta’lim fanlaridan milliy sertifikatga, ham chet tili sertifikatiga ega bo‘lgan abituriyentlar soni 4 259 nafar (2023 yilda 355 nafar) bo‘lib, shundan 74 nafari maksimal ball to‘plagan.

Eslatib o‘tamiz, abituriyentlar 2024 yil 27 iyuldan 10 avgustgacha Bilimlarni baholash agentligining rasmiy veb-saytida beshtagacha oliy ta’lim muassasasi va bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarini tanlashlari mumkin. Bunda ularga oldingi yillardagi o‘tish ballarini ko‘rib chiqish tavsiya etilgan edi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Davlat imtihonlarida qancha abituriyent 189 va undan yuqori ball olgani ma’lum qilindi