O‘zbekistondagi hududlarning master rejalari ishlab chiqiladi

O‘zbekistondagi hududlarning master rejalari ishlab chiqiladi
Foto: Google Images
Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 12 avgustdagi 497-son qarori bilan Hududning master-rejasini ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash to‘g‘risidagi nizom qabul qilindi.

Prezidentning 2023 yil 11 sentyabrdagi PQ-299-son qaroriga muvofiq, shaharsozlik va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish, hududlar qismlarining yaqin, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda hududiy va iqtisodiy rivojlanishini rejalashtirish hamda ularning iqtisodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun master-rejalarni ishlab chiqish tizimi joriy etilmoqda.

Master-rejalar yoki batafsil rejalashtirish loyihalari hududlarning aniq muammolarini bartaraf etishga qaratilgan shaharsozlik, ijtimoiy-iqtisodiy, ekologik va boshqa loyihaviy yechimlarni o‘z ichiga oladi.

Hujjat bilan Hudud master-rejasini ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. U quyidagilarni belgilaydi:

- hudud master-rejasini ishlab chiqishga qo‘yiladigan talablar;
- master-rejani kelishish va tasdiqlash tartibi;
- hudud master-rejasini moliyalashtirish manbalari.

Master-reja quyidagi hollarda ishlab chiqiladi:
- hududning shaharsozlik hujjatlari mavjud bo‘lmaganda;
- hududning tabiiy-iqtisodiy salohiyatidan yetarlicha foydalanilmaganda;
- master-reja asosida bo‘sh yer uchastkasi auksionga qo‘yilganda;
- qishloq xo‘jaligi, shaharsozlik va xo‘jalik maqsadidagi yerlar toifasini o‘zgartirish bo‘yicha takliflar tayyorlashda.

Batafsil rejalashtirish loyihasi, qurilish loyihasi va ushbu hududning dizayn-kodi bilan birga ishlab chiqilgan va belgilangan tartibda tasdiqlangan master-reja shaharsozlik hujjati sifatida qabul qilinadi.

Shaharsozlik hujjati sifatida ishlab chiqilgan master-rejani tasdiqlash vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.

Hujjat Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida davlat tilida e’lon qilingan va 2024 yil 22 avgustdan kuchga kirgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar