15:10 / 23.10.2024
218

Gulnora Karimova tufayli o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘lgan Munisa Rizayeva 38 yoshda (foto, video)

Gulnora Karimova tufayli o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘lgan Munisa Rizayeva 38 yoshda (foto, video)
O‘zbek shou-biznesidagi eng talab yuqori bo‘lgan xonandalardan biri Munisa Rizayeva 21 oktyabr kuni 38 yoshga to‘ldi. Munisa bu yilgi tug‘ilgan kunini butunlay o‘zgacha kayfiyatda, shukronalik hissi bilan o‘tkazdi.

Foto: Instagram
Barchasi uchun yaratganga hamd aytaman. Alhamdulillah. Endi mening ajoyib oilam bor. Bu yilgi eng muhim sovg‘am bo‘lajak farzandimiz bo‘ldi. Yangi hayot uchun rahmat, Alloh. Mening eng zo‘r yaqinlarim, eng yaxshi ota-onam bor. Ularning umrlari uzoq bo‘lsin Ilohim. Eng muhimi bir umrlik orzum amalga oshadi — bu yil ona bo‘laman. Qolaversa, hammadan-da yaxshi tinglovchilarim, ijodimning muxlislari borligi baxt! Hammasi uchun Allohimga shukur, bu men uchun juda qadrli”, deb yozdi xonanda Instagram sahifasida.

Munisa Rizayevaning tarjimayi holini uning ashaddiy muxlislari yaxshi biladi. Shu bois uning qachon, qayerda va qanday oilada tug‘ilgani, qanday qilib mashhurlikka erishgani haqidagi ma’lumotlarni takrorlamaymiz. Bugun xonandaning ijodiga to‘sqinlik qilgan ayrim holatlar hamda hayotida so‘nggi yillarda yuz bergan voqealar haqida to‘xtalib o‘tamiz.

Gulnora Karimovaning “zapreti”dan Munisa ham quruq qolmagan

Foto: Instagram
Munisa Rizayeva intervyularidan birida 2012 yillarda Gulnora Karimovaning taqiqiga uchragani ortidan o‘zini o‘ldirishga uringani haqida aytib o‘tgan.
Gulnora Karimovaga men haqimda turli asossiz gap-so‘zlar yetkazishgan. Meni uning nomini sotishda ayblashgan. Masalan, meni yo‘lda YPX xodimlari to‘xtatganida, men ularga 'Guli Karimovaning dugonasiman', deb aytganmishman go‘yo. Bu birinchisi. Bundan tashqari, o‘sha vaqtda unga yaqin bo‘lgan bir guruh ayol xonandalar Karimovaga men haqimdagi bo‘lmag‘ur gaplarni gapirgan. Ularning kimligini juda yaxshi bilaman, hozirgacha ular bilan yaxshi munosabatdaman. Biroq ular mening bu vaziyatdan xabardorligimni bilishmaydi.

Men hozirga kelib, ularning nega bunday qilganini tushunyapman. Bu gaplar M&TVA taqdirlash marosimidan bir kun avval bo‘lgan. O‘shanda menga “Yil qo‘shig‘i” va “Yil xonandasi” nominatsiyalarida mukofotni berishmoqchi bo‘lishgan. Shuning uchun ushbu “intriga” atayin uyushtirilgan. Gulnora Karimova men haqimdagi gaplarga ishongan va “bo‘ldi, unga hech qanday mukofot bermaysizlar. Hamma yoqdan haydaysizlar” deb ko‘rsatma bergan.

Shundan so‘ng meni Terra kompaniyasidan haydashgan. Mening kompaniya bilan besh yillik shartnomam bor edi o‘shanda. Men Sevara Nazarxon bilan “Golos” loyihasida qatnashayotgan edim. Terra'ning direktori menga qo‘ng‘iroq qilib, “Guli sening 'Golos'da qatnashishingni istamayapti, tez Toshkentga qaytsang qayt, bo‘lmasa, 'zapret'ga tushasan”, dedi. Men “Golos”ning hamma saralash bosqichlaridan o‘tgan edim. Shunga qaramay, loyihadagi ishtirokimdan voz kechib, Toshkentga qaytib keldim, lekin baribir “zapret”ga tushdim.

Yetti oy mendan hamma yuz o‘girdi. Hamma o‘zidan qo‘rqib men bilan gaplashishga qo‘rqardi. O‘zimni xuddi o‘lgandek his etardim. Hatto yurak xuruji bilan kasalxonaga ham tushib qolganman, ota-onam meni yo‘qotishiga bir baxya qolgan. O‘zimni osib o‘ldirishga ham uringanman
, deb eslaydi Munisa Rizayeva.

Ma’lumot uchun, M&TVA musiqa, tele va videomahsulotlar uchun O‘zbekiston milliy mukofoti bo‘lib, u 2005—2012 yillarda qator san’at sohasi, radio va teleboshlovchilar, aktyor va rejissyorlarga topshirilgan. Xonanda Munisa Rizayeva 2012 yilda nomzodlar orasida bo‘lgan.

Ochiq kiyimdagi suratlari tarqalishi va 2 yillik depressiya

Foto: Instagram
Gulnora Karimovaning shaxsiy taqiqi Munisa Rizayevaga qattiq ruhiy ta’sir ko‘rsatgan yagona va oxirgi holat emas. Bundan bir necha yil avval ijtimoiy tarmoqlarga Munisaning o‘ta shaxsiy suratlari tarqalib ketgan, bu holat xonandani 2 yillik depressiyaga tushishiga sabab bo‘lgan.

Shunaqa paytlar bo‘lganki, suratlarim tarqalib ketganida 2 yil depressiyadan chiqa olmaganman. Hech narsa qilgim kelmasdi, qo‘shiq aytishni ham xohlamaganman. Kulmaganman, uydan chiqqim kelmasdi. Zo‘rg‘a to‘yga borib kelib, yana uyda yotardim. Juda qiynalganman. Lekin 60-70 ta ashula yozib qo‘yganman, o‘shalarni chiqarib turganmiz. Allohga shukr, bugunga kelib o‘zi mening yuzimni yerga qaratmadi, deydi xonanda.

Qatardan kelgan 500 ming dollarlik taklif

Foto: Instagram
Munisa pulning ortidan hech qachon quvmasligini ta’kidlab keladi.

Pulning orqasidan chopish kerak emas, pul sizning ortingizdan quvsin. Men umuman pulni birinchi o‘ringa qo‘ymayman. Agar shunday bo‘lganida, bir kunda 10-15 ta to‘yga kirgan bo‘lardim. Hozirda 3-4 ta to‘yga kiraman va uyga ketaman. Shunaqa voqea bo‘lgan: “Ertaga Qatarga uchib kelsin, 500 ming dollar beramiz”, deyishgan. Yo‘q, deganman. Borgim kelmagan. Agar pulni birinchi o‘ringa qo‘yganimda, men uchib borgan bo‘lardim. Ba’zan “Hozir Munisani chaqiraman, “birrov”ining pulini uch baravar qilib bersam, ertalabgacha qo‘shiq aytadi”, degan gaplarni ham eshitib qolaman. Men prinsip qilib, besh baravar pul to‘lasa ham bormayman. Inson uchun pul emas, orzu va ishonch muhim bo‘lishi kerak. Agar inson orzu qilsa va unga erishishiga ishonsa, orzuga qanday yetib olganini tushunmay qolasiz, deydi xonanda.

1 mln dollar sarflangan “Yil to‘yi”

Foto: Instagram

Foto: Instagram
2023 yil Munisa Rizayeva hayotida o‘chmas iz qoldirgan yillardan biri bo‘ldi. Aynan bir yil avval xonandaning nafaqat o‘zi, balki muxlislari tomonidan yillar mobaynida kutilgan hodisa ro‘y berdi — u oila qurdi. Munisa va Arseniyning nikoh kechasi ikki marta nishonlandi. Birinchi to‘y hindcha o‘tkazildi, kechada nafaqat kelin-kuyov balki mehmonlar ham hind madaniyatiga monand kiyingan edi.

7 sentyabr kuni Munisa Rizayevaning asosiy to‘yi o‘tkazildi. Ushbu to‘y san’at olamida “Yil to‘yi” sifatida e’tirof etildi. Xonandaning nikoh kechasida bir necha xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan san’atkorlar bilan bir qatorda o‘zbek shou-biznesining eng taniqli vakillarini ko‘rish mumkin edi.

Munisa Rizayevaning yaqin do‘sti, vayner Ozod Xurramov Munisaning to‘yiga bir million dollar sarflangani haqida aytib o‘tgan.

Foto: Instagram
Munisa Rizayevaning to‘yiga bir million dollar mablag‘ sarflandi. Hamma xarajatlarni kuyovning o‘zi qopladi. Munisa Rizayeva kelin ko‘ylagi, hatto pardoz-andozi uchun ham cho‘ntagidan pul sarflagani yo‘q. Ular o‘n oy avval tanishib, bir-birini sinashgan. Arseniyni katta biznes bilan shug‘ullanuvchi insonlar juda yaxshi tanishadi. U o‘ziga to‘q, badavlat inson, degan edi Ozod.

Uzoq kutilgan farzand ne’mati

Foto: Instagram
Munisa intervyularida hayotidagi eng katta orzusi ona bo‘lish ekani haqida juda ko‘p gapirardi. O‘tayotgan yilda uning ushbu orzusi amalga oshdi. Xonanda may oyida muxlislariga quvonchli xabarni — farzand kutayotgani haqidagi yangilikni yetkazdi. U Instagram sahifasi orqali o‘tkazilgan qisqa savol-javob ruknida esa farzandining jinsini ham oshkor qildi.

Farzandingizga qanday ism qo‘ymoqchisiz?”, degan savolga xonanda “Buni faqat farzandimiz tug‘ilganidan keyingina ayta olamiz. Chunki uning tashqi ko‘rinishi Muhammadga o‘xshash bo‘ladimi yoki Danielga hozircha bilmaymiz”, deya javob bergan.

Munisa farzandini Argentinada dunyoga keltirishga qaror qildi hamda ushbu qaroriga quyidagicha izoh berdi:
Birinchidan, Argentinaning tibbiyot darajasi dunyo bo‘yicha 33-o‘rinda turadi. Ikkinchidan, Argentinaning kattaligi sabab bu yerda har xil madaniyatlar va har xil ob-havoni ko‘rish mumkin. Uchinchidan esa, hamma bilgan Messi, Maradona, steyk, folklor musiqa, Buenos Ayresning g‘ayritabiiy ko‘cha san’ati haqida bilish menga ham qiziq bo‘ldi. To‘rtinchi va asosiy sabab bu — turmush o‘rtog‘imning xohishi bo‘ldi”, deydi Munisa Rizayeva.

Foto: Instagram
O‘zbek shou-biznesidagi reklamasi eng qimmat xonanda

Munisa Rizayeva salkam 7,5 million kuzatuvchisi bo‘lgan Instagram sahifasidan ham mo‘maygina pul ishlashini yashirmaydi. Xususan, uning sahifasiga joylangan eng qimmat reklama 120 ming dollar bo‘lgan.
Hozirgi kunda Instagram'imda juda katta jamoa ishlaydi. Sahifamni yuritish uchun juda katta mablag‘ sarflaymiz. Instagram'im faolligi juda ortib ketgan. Oldin Munisa Rizayevani yaxshi ko‘rgan bo‘lishsa, hozirda Arseniy ikkalamizni juftlik sifatida kuzatish hammaga qiziq bo‘lyapti. Sahifamda chiqadigan reklamalar juda qattiq tanlab olinadi. Stories'imda reklama joylash 3500 dollardan 10 ming dollargacha. Yaqinda biz bitta shartnoma tuzib, bitta postni 120 ming dollarga joylashtirib berdik, degan edi Munisa.

Munisa — qimmatbaho avtomobillar ishqibozi

Foto: Instagram
Munisa Rizayevaning garajidan bir nechta qimmatbaho avtomobillar o‘rin egallagan. Umuman olganda, Munisa yoshligidanoq avtomobillarga qiziqadi. U intervyularidan birida ilk haydagan avtomobili “Jiguli” bo‘lganini aytib o‘tgan.
2023 yilda Gelandewagen avtomobilini 420 ming dollarga xarid qildik. Undan keyin turmush o‘rtog‘im menga yana bir Mercedes sovg‘a qildi. Chunki men u paytda xizmatlarga Malibu'da yurardim. Keyinroq men homilador bo‘ldim va Filippindan enagamiz uchib keldi hamda turmush o‘rtog‘im endi farzandli bo‘lsak, hammamiz bu avtomobilga sig‘maymiz, deb 7 kishilik Lixiang L9 avtomobilini olib berdilar. Endi Urus yoki Rolls-Royce sotib olmoqchimiz, deydi xonanda.

Munisa farzandini noyabr oyining oxirida dunyoga keltirishini ma’lum qilgan. Hozir u Argentina poytaxti Buenos Ayresda turmush o‘rtog‘i hamda farzandining enagasi bilan yashamoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Gulnora Karimova tufayli o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘lgan Munisa Rizayeva 38 yoshda (foto, video)