Toshkentda jamoat transportiga ajratilgan yoʻlakdagi qoidabuzarliklarni qayd etish uchun avtobuslarga kamera oʻrnatilmoqda

Foto: nscar.ru
Toshkent shahridagi barcha avtobuslarda 1 yanvardan yoʻlkira toʻlovlarini naqd shaklda toʻlash toʻxtatiladi. Buning ortidan transport yoki bank kartasi boʻlmagan yoʻlovchilarning bir martalik chiptalarga ehtiyoji ortadi. Xoʻsh, poytaxtda bunday chiptalarni sotadigan shoxobchalar etarlimi? Avtobuslar uchun ajratilgan alohida yoʻlaklar borasida qanday yangiliklar kutilmoqda? Kun.uz muxbiri shu kabi savollar bilan poytaxt transport bosh boshqarmasi boshligʻi Mirakbar Ikromovga yuzlandi.
Poytaxtda QR-chiptalar olish uchun shoxobchalar etarli emas
Toshkent shahar transport bosh boshqarmasi boshligʻi Mirakbar Ikromovning ta'kidlashicha, poytaxtda 2 600 ta avtobekat mavjud. Hozirda ularning 300 dan ortigʻida avtobus uchun bir martalik QR-chiptalarni olish shoxobchalari mavjud emas. Mas'ulga koʻra, ayni damda poytaxtdagi mavjud 5000 ga yaqin infokiosklarni tizimga integratsiya qilish ishlari ketmoqda.
“Qarorda har 300 yuz metr radiusda infokiosklar boʻlishi kerakligi koʻrsatilgan, biz maksimal darajada kioskalarni oʻrnatishga harakat qilmoqdamiz”, — deydi Mirakbar Ikromov.
“Chiptachilardan voz kechiladi”
Yoʻlkira uchun toʻlovlarni naqd toʻlash amaliyot bekor qilinishi ortidan chiptachilardan faoliyatidan voz kechiladi. Ikromovning qayd etishicha, chiptachilar bilan shartnomalarni bekor qilish mehnat qonunchiligi asosida amalga oshiriladi, ularga dastlab bu borada ogohlantirish xatlari beriladi.
“Qonunchilikda koʻrsatilgan tartib bor. Shu tartibga asosan ulardan voz kechish masalasi toʻgʻrisida amaliy ishlarni boshlab yuborganmiz. 2025 yil 1 yanvardan ularga ogohlantirish xatlari beriladi va ikki oy mobaynida ushbu masala hal etilishini oʻylab qoʻyganmiz”, — dedi u.
Avtobuslar uchun qoidabuzarliklarni qayd etadigan kameralar sotib olinadi
Poytaxt transport bosh boshqarmasi boshligʻi ma'lumotlariga koʻra, hozirda Toshkent shahrida jamoat transporti uchun alohida yoʻlaklar uzunligi 80 kilometrga yaqin. Qayd etilishicha, A tasmali yoʻlaklardagi qoidabuzarliklarni aniqlash uchun avtobuslarga ham kameralar oʻrnatiladi.
“Haqiqatdan ham avtoulovlarni notoʻgʻri qoʻyib ketish holatlari koʻp. Bunga qarshi kurashish maqsadida hozirda Toshkent shahrida 60 ta video kamera oʻrnatilgan. Bu raqamni yanvar oyida 200 tadan oshirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, yanvar-fevral oylarida “A” tasmali yoʻlaklarda turgan [qoidabuzar] avtoulovlarni aniqlash uchun avtobuslarga qoʻshimcha 100 ta kamera xarid qilinadi”, — deydi Mirakbar Ikromov.
Shahzod Oʻroqboev tayyorladi
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar