Pasportini videoda ko‘rsatgan qiz firibgarlar tuzog‘iga tushdi

Pasportini videoda ko‘rsatgan qiz firibgarlar tuzog‘iga tushdi

Rossiyaning Moskva shahrida yashovchi Valeriya ismli qiz sayohati haqida joylagan videosida pasport ma’lumotlari ko‘rinib qolgach, firibgarlar hujumiga uchragan. Bu haqda “Ostorojno, novosti”ga tayanib Rossiya OAV xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, qiz iyul oyining oxirida Rostov-Donga Krasnodar orqali qilgan safari haqida Reels joylagan. Videoning boshida u yo‘l chiptalarini ko‘rsatgan va ularda uning pasport ma’lumotlari ko‘rinib qolgan. Rolik qariyb 65 ming marta ko‘rilgan.

Oradan taxminan bir oy o‘tib, unga go‘yoki yetkazib berish xizmati nomidan qo‘ng‘iroq qilishgan. Firibgarlar qizga u buyurtma bermagan mahsulot yetkazib berilishi haqida aytgan. Suhbat davomida unga SMS orqali kod kelgan va Valeriya uni firibgarlarga aytib qo‘ygan.

Shundan so‘ng jinoyatchilar uning “Gosuslugi”dagi akkauntiga kirishga muvaffaq bo‘lgan. Oradan bir necha soat o‘tib, qizga yana qo‘ng‘iroq qilib, akkaunti buzilgani va xavfsizlik choralarini ko‘rish kerakligini aytishgan. Suhbatdosh qizdan qaysi bankdagi hisobidan ko‘proq xavotirda ekanini so‘ragan. Shunda Valeriya yana firibgarlar bilan gaplashayotganini tushunib, qo‘ng‘iroqni uzgan.

Ko‘p o‘tmay, uning telefoniga mikrokredit rasmiylashtirilayotgani haqida SMS xabarlari kela boshlagan. Valeriyaning so‘zlariga ko‘ra, firibgarlar uning nomiga 90 ming va 47 ming rubl miqdoridagi mikrokreditlarni olishga, shuningdek, boshqa summalarga ham ariza topshirishga uringan.

Qiz zudlik bilan MFC va politsiyaga murojaat qilgan, mikrokreditlarga aloqasi yo‘qligi haqida ariza yozgan hamda “Gosuslugi”dagi akkauntiga kirishni tiklagan.

Mutaxassislar internetga joylanadigan videolarda pasport, chipta, bank kartasi yoki boshqa shaxsiy ma’lumotlarning ko‘rinib qolishiga yo‘l qo‘ymaslikni tavsiya qiladi. Eng muhimi, telefon orqali qo‘ng‘iroq qilgan notanish shaxslarga SMS orqali kelgan tasdiqlash kodlarini aytmaslik kerak.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar