06:50 / 18.01.2025
251

Ijtimoiy karta: U qanaqa karta va kimlarga beriladi?

Ijtimoiy karta: U qanaqa karta va kimlarga beriladi?
Ijtimoiy karta nima?

Bundan keyin ijtimoiy xizmatlardan foydalanish va yordam olish uchun tugʻilganlik, nogironlik toʻgʻrisida, pensiya, talabalik guvohnomasi, bank kartasi kabi 10 dan ortiq hujjatlarni koʻtarib yurish shart emas.

Ularning oʻrnini bosadigan bitta – ijtimoiy karta joriy etilib, tajriba sifatida Toshkent shahri va Toshkent viloyatining Yangiyoʻl tumanida odamlarga berila boshladi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligining ma'lum qilishicha, ayni paytda quyidagi 9 turdagi toʻlovlar ushbu karta orqali berilyapti:
  • kam ta'minlangan oilalarga bolalar nafaqasi;
  • kam ta'minlangan oilalarga moddiy yordam;
  • yoshga doir nafaqa;
  • nogironlik nafaqasi;
  • yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar uchun har oylik moddiy yordam;
  • nogironligi boʻlgan 18 yoshgacha bolalarga nogironlik nafaqalari;
  • nogironligi boʻlgan bolalarni parvarishlayotgan onalar uchun nafaqa;
  • protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari xaridi uchun vaucher; boquvchisini yoʻqotganlik nafaqasi.

2025 yilning 1 aprelidan bular qatoriga yana 2 turdagi ijtimoiy toʻlovlar — homiladorlik va tugʻish nafaqasi, shuningdek, “Saxovat va koʻmak”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamgʻarmalari hisobidan toʻlanadigan bir martalik moddiy yordamlar qoʻshiladi.

Ijtimoiy karta funktsiyalari bosqichma-bosqich kengaytirib boriladi. Keyinchalik karta bilan avtobus va metroda bepul yurish, elektr, gaz va oʻqish xarajatiga kompensatsiya olish ham mumkin boʻladi.

Nega ijtimoiy karta joriy etilyapti?

Ijtimoiy karta nafaqat ijtimoiy yordam olish va imtiyozlardan foydalanishni osonlashtiradi, balki davlat uchun ham xarajatlar arzonlashadi, byurokratiya kamayadi.

Katta axborotlarn jamlash, qayta ishlash va tahlil qilish imkoniyati kengayadi. Bu esa oʻz navbatida imtiyozlarni etkazishdagi korruptsion zanjirlar va holatlarni keskin qisqartiradi. Xizmat koʻrsatish tezlashadi.

Ijtimoiy kartani qayerdan olish mumkin?

Sinov bosqichida ijtimoiy karta ochish uchun elektron arizalar “Inson” ijtimoiy xizmatlari markazlari orqali qabul qilinadi. Keyinchalik Yagona portal, kartaning mobil ilovasi hamda tegishli banklar boʻlinmalari orqali ham murojaat qilish mumkin boʻladi.

Ijtimoiy karta boʻyicha moliyaviy agentlar “Xalq banki” va “Aloqabank” hisoblanadi. Belgilangan toifaga kiruvchi fuqarolarga kartalar bepul beriladi.

Ularni ariza berilgan kundan boshlab 3 ish kuni ichida olish mumkin. Oʻzgalar parvarishiga muhtoj ayrim shaxslarga “Inson” markazlari tomonidan 15 kun ichida ijtimoiy kartalar ularning yashash joyiga etkazib beriladi.

Ijtimoiy kartalar joriy yilning 1 iyulidan boshlab bosqichma-bosqich mamlakatning barcha hududlarida joriy etilishi rejalashtirilgan.

Visa platformasidan foydalaniladi

Ijtimoiy kartalar uchun sinov davrida Visa platformasi tanlangan. Oʻzbekistonda Visa karta orqali pul oʻtkazilganda, naqd pul echilganda va boshqa tranzaktsiyalar amalga oshirilgandagi komissiyalar milliy toʻlov tizimlari – Humo va Uzcard’ga nisbatan qimmat. Shuningdek, Visa kartani odatda faqatgina shu kartani chiqargan bank ilovasigagina ulash mumkin. Bu esa iste'molchi uchun qoʻshimcha noqulayliklar yaratadi. Kun.uz maskur holatlarga aniqlik kiritish maqsadida Ijtimoiy himoya milliy agentligiga soʻrov yubordi.

Hukumat qaroriga koʻra, ijtimoiy karta loyihasi hamkor operatori sifatida BAAning Abu Dabi shahrida roʻyxatdan oʻtgan Oxinus holding limited kompaniyasi tanlangan.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat