14:30 / 02.02.2025
77

Qashqadaryoda oilani yarashtirishga borgan profilaktika inspektori pichoqlandi

Qashqadaryoda oilani yarashtirishga borgan profilaktika inspektori pichoqlandi
Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida profilaktika inspektori janjalli vaziyatda fuqaroning qoʻlidan pichoqni olish jarayonida jarohatlandi. Kun.uz mazkur holatni atroflicha oʻrgandi.

Ma'lum boʻlishicha, joriy yilning 29 yanvar kuni Qamashi tumani Qoratepa mahallasining Shakar kishlogʻida yashovchi 40 yoshli erkak 1990 yilda tugʻilgan turmush oʻrtogʻi bilan janjallashib qolgan.

Oilaviy kelishmovchilikdan soʻng ayol yashash uchun ota-onasining uyiga ketib qolgan. Ikki kundan soʻng, ya'ni 31 yanvar kuni esa u telefon orqali hudud profilaktika inspektori Ilyos Husanovga janjal yuzasidan murojaat qilgan.

Profilaktika inspektori fuqaro murojaatiga asosan uni turmush oʻrtogʻi bilan yarashtirish maqsadida mahalla ettiligi vakillari bilan birga borgan. Bu holdan norozi boʻlgan erkak janjal koʻtargan hamda oʻz farzandini olib ketmoqchi boʻlgan ayolga qoʻlidagi oshxona pichogʻi bilan tahdid qilgan.

Jarayonda profilaktika inspektorlari Ilyos Husanov va Azamat Tursunov erkakning qoʻlidan pichoqni olishga harakat qilgan. Shu vaqtda huquqbuzar pichoq bilan Ilyos Husanovga tan jarohati etkazgan. Olgan jarohatiga qaramay, profilaktika inspektori erkakning qoʻlidan oshxona pichogʻini olib, uni zararsizlantirgan.

Shundan soʻng jarohat olgan Ilyos Husanov tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.

“Hozirgi kunda sogʻligim yaxshi, shifokorlar kerakli muolajalarni qilishmoqda. Boʻlib oʻtgan holatda tan jarohati olaman deb oʻylamagandim. Maqsadim voyaga etmagan bola va fuqarolar tinchligini saqlash edi”, deydi Ilyos Husanov.

Profilaktika inspektorining qonuniy talabiga rioya qilmasdan pichoq bilan tan jarohati etkazgan shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi, ya'ni hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik koʻrsatish bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Erkak protsessual tartibda ushlangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma'lumot uchun, hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik koʻrsatish jinoyati BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat