12:11 / 09.02.2025
581

Bu yil 3,5 ming kambagʻal oila farzandlari OTMlarga grant asosida qabul qilinadi

Bu yil 3,5 ming kambagʻal oila farzandlari OTMlarga grant asosida qabul qilinadi
Oʻzbekistonda “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi doirasida 3,5 ming kambagʻal oilalar farzandlarini tayyorlab, oliy ta'lim tashkilotlariga belgilangan tartibda grant asosida qabul qilish ishlari tashkil etiladi.

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisidagi prezident farmoniga koʻra, inson salohiyatini yuksaltirish, ta'lim uchun qulay muhit yaratish ishlarini tashkil etish maqsadida 2025/2026-oʻquv yilidan yana bir qaror amalga oshiriladi.

Jumladan, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi kabi ta'lim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari boʻyicha etakchi oliy ta'lim tashkiloti etib belgilanadi. Ushbu universitetda “tsirkulyar iqtisodiyot” ta'lim yoʻnalishida kadrlar tayyorlash amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universitetiga biriktiriladigan “yashil texnikumlar” faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Tabiiy fanlar, muhandislik-texnika, iqtisodiyot va moliya yoʻnalishlaridagi davlat oliy ta'lim tashkilotlarida “Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil rivojlanish” fani va oʻquv dasturlari kiritiladi. Oliy ta'limda grant oʻrinlarini bosqichma-bosqich oshirish hisobiga aniq va tabiiy fanlar, muhandislik-texnika, xizmatlar, tibbiyot kabi sohalarda davlat buyurtmasi 25 mingtaga etkaziladi.

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi ta'lim dasturlari asosida ta'lim olish uchun stipendiya tanloviga 20 tagacha kvota ajratib boriladi.

Respublikaning har bir tumanida (shahrida) bosqichma-bosqich inklyuziv ta'lim talablariga javob beradigan kamida bittadan umumta'lim maktabi faoliyati tashkil etiladi.

2024 yil 24 sentyabrida “Kambagʻallikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish toʻgʻrisida”gi prezident farmoni qabul qilingan boʻlib, unda “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi amalga oshirilishi belgilangan.

Kambagʻal oilalar farzandlarini tayyorlab, 2025 yilda 3,5 ming yoshlarni oliygohga grant asosida qabul qilish zarurligi haqida 2024 yil dekabrida, Shavkat Mirziyoyev raisligida ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilgan ishlar va 2025 yildagi vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishida aytilgandi.

Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi bergan ma'lumotga koʻra, Oʻzbekistonda kambagʻallik darajasi 2024 yil yakuniga koʻra 11 foizdan 8,9 foizga kamaydi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat