12:30 / 05.03.2025
4 578

Shavkat Mirziyoyev Favqulodda vaziyatlar vaziri nega ishdan olinganini aytdi

Shavkat Mirziyoyev Favqulodda vaziyatlar vaziri nega ishdan olinganini aytdi
Favqulodda vaziyatlar vaziri va uning o‘rinbosarlari qurilishga ruxsat berish, binoni topshirishda yong‘in xavfsizligi bo‘yicha byurokratiya va qonun buzilish ko‘payib ketgani uchun ishdan olingan. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash yig‘ilishida aytib o‘tdi.

«Korrupsiyani tag-tomiri bilan quritish uchun avvalo inson omili va qog‘ozbozlikni kamaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Masalan, aholiga yer berish jarayonida fuqarolar hokim va o‘nga yaqin idoralar o‘rtasida sarson bo‘lib yurardi. Umuman, bu soha korrupsiya “o‘chog‘i”ga aylangan edi.

Yerni hokim qarori bilan ajratishdan to‘liq voz kechilib, auksion tizimiga o‘tilgani natijasida bu tizim xalqchil bo‘ldi.

Qurilish sohasi eng korrupsiyalashgan sohalardan biri edi. “Shaffof qurilish” dasturi joriy etilganidan keyin bu yo‘nalishda ham ijobiy o‘zgarishlar sezilmoqda.

Ilgari investitsiya dasturiga kirgan obyektlarni quradigan pudratchilar mingtaga ham yetmasdi. O‘tgan yili 13,5 mingta obyekt qurilishida 4 mingdan ziyod pudratchi ishtirok etdi. Soha raqamlashgani hisobiga o‘tgan 4 yilda 3,6 trillion so‘m budjet mablag‘i tejaldi.

Lekin qurilishga ruxsat berish, binoni topshirishda yong‘in xavfsizligi bo‘yicha byurokratiya va qonun buzilish ko‘payib ketgani uchun o‘tgan hafta favqulodda vaziyatlar vaziri va uning o‘rinbosarlari ishdan olindi», deyiladi davlat rahbari matbuot xizmati xabarida.

2025 yil fevral oyi oxirida Abdulla Qo‘ldoshev FVV rahbari lavozimini tark etdi. U 2018 yildan favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari sifatida amalda vazirlik rahbari hisoblangan, 2022 yil martida rasman vazir lavozimiga tasdiqlangandi. Uning o‘rnini harbiy prokuror Botir Qudratxo‘jayev egalladi.

4 mart kuni esa yangi vazirga o‘rinbosarlar tayinlandi: Xurshid Sotiyev FV profilaktikasi bo‘yicha, Nuriddin Qodirov kadrlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha vazir o‘rinbosari lavozimlarida ish boshlagan.

Favqulodda vaziyatlar vazirining qurilish va muhandislik muhofaza ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi hozircha bo‘sh qolmoqda. Bu lavozimda 2018 yil avgustidan buyon Shuhrat Jo‘rayev ishlab kelayotgandi.

Shuningdek, 2023 yil mayida favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan Xurshid Aliboyev endi o‘rinbosarlar ro‘yxatida yo‘q. Vazirlikning oldingi rahbariyatidan faqat bir kishi – 2023 yil mayidan buyon FVV rahbari birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Sanjar Zuparov qolgan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat