Lahorda pechene sotayotgan yigit internet yulduziga aylandi

Lahorda pechene sotayotgan yigit internet yulduziga aylandi

Pokistonning Lahor shahrida ko‘chada pechene va turli shirinliklar sotib kun kechirayotgan yigit ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo‘lib ketdi. Gap o‘zining kelishgan qiyofasi va o‘ziga xos ko‘rinishi bilan e’tibor tortgan Irshod Xon haqida.

Urdu News nashrining yozishicha, Xaybar-Paxtunxva viloyatidan bo‘lgan Irshod so‘nggi 16 yildan buyon Lahorda mehnat qilib keladi. U yaqinda ko‘chada pechene sotayotgan paytidagi tasvirlari sabab internetda ommalashgan. Uning videolari ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, ko‘plab insonlarning e’tiborini tortgan. Hozir ayrim muxlislari u bilan suratga tushish uchun navbat kutmoqda.

Qizig‘i, bu Pokistonda oddiy sotuvchining tashqi ko‘rinishi sabab internet yulduziga aylanishi bilan bog‘liq ilk voqea emas. 2016 yilda Islomoboddagi bozorda choy sotib yurgan Arshad Xon ham ko‘k-ko‘kimtir ko‘zlari va kelishgan qiyofasi bilan mashhur bo‘lib ketgandi. Fotograf Jiya Ali uning suratini Instagram sahifasiga joylashtirganidan so‘ng tasvir tezda tarqalib, yigit «Chaiwala» nomi bilan tanilgan.

Moviy ko‘zli yigit ko‘k ko‘ylakda qo‘lida cho‘mich bilan turibdi.

Arshadga mashhurlik ortidan modellik takliflari kelib tushgan. Keyinchalik u o‘z biznesini yo‘lga qo‘yib, 2020 yilda Islomobodda «Cafe Chaiwala Rooftop» nomli ilk kafesini ochgan. Vaqt o‘tishi bilan uning qahvaxonalar tarmog‘i Pokiston chegarasidan tashqariga ham kengaygan.

Endilikda esa Irshod Xonning voqeasi ijtimoiy tarmoqlarda yana bir bor muhokama qilinmoqda. Uning mashhurligi ham oddiy mehnatkash insonning hayotini bir necha video va surat qanday o‘zgartirib yuborishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar