date
views 52

Noqonuniy umra safarlari: 34 ta jinoiy ish qo‘zg‘atildi, yuzlab fuqarolar sarson bo‘ldi

Noqonuniy umra safarlari: 34 ta jinoiy ish qo‘zg‘atildi, yuzlab fuqarolar sarson bo‘ldi
O‘zbekistonda noqonuniy yo‘l bilan umra ziyoratlarini tashkil qilish holatlari bo‘yicha tergov jarayonlari davom etmoqda. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tarqatgan xabarga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragida litsenziyaga ega bo‘lmagan turistik kompaniyalar tomonidan noqonuniy ravishda umra safarlari tashkil etilgani aniqlangan. Natijada bu borada 34 ta jinoyat ishi ochildi va 46 kishi jinoiy javobgarlikka tortildi.

Shu bilan birga, tegishli ruxsatnomasiz faoliyat ko‘rsatayotgan 53 ta turistik xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot faoliyati ham to‘xtatildi. Mas’ullarning ta’kidlashicha, ba’zi firmalar majburiyatlarini bajarmagani sababli ko‘plab fuqarolarimiz Saudiya Arabistonida og‘ir ahvolga tushib qolgan.

«Yurtdoshlarimiz umra ziyoratiga borib, turli qiyinchiliklarga duch kelishdi. Ularning ko‘pchiligi necha kunlab ovqat va boshpana bilan ta’minlanmagan holda sarson bo‘ldi», – dedi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin Eshonqulov.

Bunday noqonuniy tashkil etilgan safarlar natijasida murakkab vaziyatga tushib qolgan 580 nafar O‘zbekiston fuqarosi maxsus charter reys orqali mamlakatga qaytarilgan.

Ma’lumot uchun, shu yilning aprel oyi o‘rtalarida Toshkentda to‘rt kishini haj safarini tashkil qilib berish bahonasida 23,6 ming dollar olib qo‘ygan shaxs qo‘lga olingan edi. Shuningdek, poytaxtda o‘tkazilgan maxsus tezkor tadbir natijasida bir qator soxta turistik kompaniyalar faoliyatiga ham chek qo‘yilgan.

Ayni vaqtda mamlakatda haj va umra ziyoratlarini tashkil qilish jarayonida shaffoflikni ta’minlash maqsadida, 2025 yilning 1 sentyabriga qadar «Haj va umra yagona portali» hamda uning mobil ilovasi ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu platforma orqali fuqarolarga diniy marosimlarni amalga oshirishda ortiqcha byurokratik jarayonlarsiz qulay va zamonaviy xizmatlar ko‘rsatilishi ko‘zda tutilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Noqonuniy umra safarlari: 34 ta jinoiy ish qo‘zg‘atildi, yuzlab fuqarolar sarson bo‘ldi