date

DXX fosh etdi: kasbiy sertifikat uchun pora, 5–10 yillik qamoq tahdidida

DXX fosh etdi: kasbiy sertifikat uchun pora, 5–10 yillik qamoq tahdidida
Qoraqalpog‘istonda ta’lim sohasida poraxo‘rlik ortidan uch kishiga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Nukus shahridagi umumta’lim maktabi o‘qituvchisi mazkur maktab direktori o‘rinbosarining topshirig‘iga asosan, kasbiy sertifikat olish bo‘yicha sinovlaridan o‘tkazib berish evaziga Chimboy tumanida ishlovchi hamkasbidan 1000 dollar olgan vaqtida DXX xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, direktor o‘rinbosari 100 nafardan ortiq o‘qituvchini davlat attestatsiyasidan o‘tkazib berish evaziga har biridan 1000-1500 AQSH dollari miqdorida pul olib, bu haqda o‘zining shaxsiy bloknotlari va qog‘ozlarda aks ettirib kelgan.

Shuningdek, ushbu noqonuniy ishga Qoraqalpog‘iston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Pedagoglarning bilim va malakasini baholashni tashkil etish sho‘basi bosh metodisti ham aloqadorligi aniqlanib, u o‘qituvchilardan davlat attestatsiyasidan o‘tkazishga yordam berish evaziga yig‘ilgan 10 450 dollarni ixtiyoriy ravishda topshirgan.

Shu bilan birga, o‘qituvchilarni shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazmasdan, test jarayoniga uyali aloqa vositalari bilan kirishlariga sharoit yaratib bergan Milliy gvardiya xodimining ham o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan yondashgani ma’lum bo‘lgan.

Aniqlanishicha, ular pora tariqasida olingan pullarni o‘zaro taqsimlagan.

Holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 2-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Jinoyat kodeskining ushbu moddasiga ko‘ra, pora olish bir guruh mansabdor shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » DXX fosh etdi: kasbiy sertifikat uchun pora, 5–10 yillik qamoq tahdidida