date

AI-80 benzini 10 milliondan oshdi — narxda rekord qayd etildi

AI-80 benzini 10 milliondan oshdi — narxda rekord qayd etildi
O‘zbekistonda AI-80 rusumli benzin narxi 2025 yil boshidan buyon ilk bor tarixiy rekordni yangiladi. 10 iyul kuni bir tonnasining birja narxi 10,19 million so‘mga yetdi.

Bu — yil boshidan beri qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, hukumat tomonidan belgilangan cheklovlar bekor qilinishi narxlarning oshib borishiga turtki bo‘lgani qayd etilmoqda.

O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasi tarqatgan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, AI-80 benzini narxi 4 iyuldan beri uzluksiz o‘sishda. Bunga 2024 yil iyunida Raqobat qo‘mitasi tomonidan ushbu benzin turi uchun joriy etilgan 5 foizlik narx o‘sishi chegarasining bekor qilinishi sabab bo‘ldi.

Ayni qarordan so‘ng sotuv hajmi pasaygan:
- Iyun oyida 1805 tonna sotilgan bo‘lsa,
- Iyul boshiga kelib bu ko‘rsatkich 1650 tonnagacha tushgan — ya’ni 8,6 foizga kamaygan.

10 iyul kuni AI-80 narxi yana 0,5 foizga o‘sib, 10,19 mln so‘mni tashkil etdi. Bu bilan benzin bir oy ichida 7,7 foizga qimmatlashdi.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil noyabr oyida AI-80 benzini uchun belgilangan maksimal narx 9 million 377 ming 555 so‘m edi. Hozirda esa bu cheklov amalda emas.

AI-80 benzini asosan Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqariladi. Ushbu rusumdagi yoqilg‘i iqtisodiy jihatdan arzon bo‘lgani uchun mamlakatda keng foydalanilar edi.

Shu bilan birga, davlat rahbari tomonidan AI-80 benzinidan foydalanishni bosqichma-bosqich cheklash, uning o‘rnini esa ekologik toza yoqilg‘ilar bilan almashtirish bo‘yicha aniq vazifalar qo‘yilgan.

Mutassaddilar fikriga ko‘ra, bu tendensiya mamlakatda ekologiyaga ehtiyotkorlik bilan yondashish hamda yangi avlod texnologiyalari va yoqilg‘i turlariga o‘tish jarayonini tezlashtirishga xizmat qiladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » AI-80 benzini 10 milliondan oshdi — narxda rekord qayd etildi