Energiya ta’minoti sohasida iste’molchi va mas’ul tashkilot o‘rtasidagi munosabatlarni yanada ochiq va ishonchli qilish maqsadida mamlakat miqyosida keng qamrovli raqamlashtirish jarayonlari olib borilmoqda. Ayniqsa, inson omilini kamaytirish, shaffoflikni ta’minlash va turli salbiy holatlarning oldini olish yo‘lida zamonaviy texnologik yechimlardan foydalanishga katta ahamiyat qaratilmoqda.
Shu maqsadda «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining «Energosavdo» Samarqand filiali hududida yangi — E-dalolatnoma nomli elektron hujjatlashtirish tizimi amaliyotga joriy etildi. Bu tizim orqali, fuqarolar bilan bevosita ishlaydigan elektr inspektorlari endi har bir dalolatnomani qog‘ozda emas, maxsus planshetlar orqali rasmiylashtirmoqda.
Ma’lumotlarga qaraganda, hozirda shahar va tumanlardagi elektr ta’minoti tashkilotlariga jami 158 dona planshet texnik jihoz sifatida taqdim etilgan. Inspektorlar aynan shu qurilmalar yordamida har bir obyektda amalga oshirilgan ishlarni, xususan hisob-kitob, nazorat va tekshiruvlarni elektron bazaga kiritib borishadi.
Eng asosiysi, har bir dalolatnoma elektron ravishda qayd etilgani uchun uning hisob-kitobi, nazorati va ijrosi doimiy ravishda monitoring qilib boriladi. Bu esa ana shunday hujjatlarning yo‘qolib ketishi, o‘zgartirilishi yoki qalbakilashtirilishi kabi holatlarni butunlay bartaraf etadi.
Bundan tashqari, Samarqand shahri va tumanida xizmat qilayotgan 54 nafar elektr inspektoriga zamonaviy bodikameralar ham taqdim etildi. Bu kameralar ularning fuqarolar bilan uchrashuvlari, xonadonlardagi o‘rganish ishlari, muloqotlari paytida videoyozuv qilib boradi.
Bu esa har qanday tortishuv yoki norozilik holatlarida xolis va aniq dalillarni taqdim etish imkonini yaratadi. Shu yo‘l bilan, nafaqat oddiy fuqaro o‘zini himoya qila oladi, balki ishni bajargan xodimning ham xizmat faoliyati bevosita hujjatlanadi.
Umuman olganda, bu kabi raqamli yondashuvlar energetika sohasini yangi bosqichga olib chiqib, fuqarolarning ishonchini mustahkamlash, xizmat ko‘rsatishdagi sifatni oshirish va eng muhimi — korrupsiya omillarining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Elektr sohasida korrupsiyaga qarshi raqamli tizim joriy etilmoqda
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar