date

Harakatdagi mashina ustida salyut uchirgan yigit jazolandi

Harakatdagi mashina ustida salyut uchirgan yigit jazolandi

Toshkent viloyatida jamoat xavfsizligi va yo‘l qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan holat qayd etildi. 3 avgust kuni Yuqori Chirchiq tumanida 2004 yilda tug‘ilgan yigit harakatlanayotgan avtomobil ustidan salyut yoqib, hayotini xavf ostiga qo‘ydi. Bu xavfli manzara videoga olinib, ijtimoiy tarmoqlarga tarqatilgani ortidan tezkor surishtiruv ishlari boshlandi.

Toshkent viloyati IIBB YHXB ma’lumotlariga ko‘ra, voqea yuzasidan haydovchi va yo‘lovchi tezda aniqlangan. Haydovchiga yo‘lovchining hayotini xavfga qo‘ygani uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-10-moddasi — “Yo‘l bezoriligi” bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi. Yo‘lovchi esa jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaganligi, jamoat tartibini buzganligi hamda pirotexnika vositalaridan noqonuniy foydalangani uchun 183- va 185-1-moddalar bo‘yicha javobgarlikka tortildi.

Ma’muriy ish materiallari Yuqori Chirchiq tuman sudiga yuborildi. Sud qaroriga ko‘ra, yo‘lovchi 7 sutka ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilindi. Shuningdek, avtomobil haydovchisi bir yil muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinib, bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari miqdorida jarima to‘lashga majbur etildi.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, bunday xavfli harakatlar nafaqat ishtirokchilar hayoti, balki yo‘ldagi boshqa fuqarolarning xavfsizligiga ham jiddiy tahdid soladi. Yo‘l qoidalariga beparvo qarash oqibatlari jazosiz qolmasligi eslatib o‘tildi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Harakatdagi mashina ustida salyut uchirgan yigit jazolandi