Toshkent viloyatida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “bola o‘g‘risi qo‘lga olindi” degan xabar rasman rad etildi va voqeaning haqiqiy holati aniqlandi. Bu haqda bolalar ombudsmani hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, 25-avgust kuni Quyi Chirchiq tumani “Oydinobod” mahallasida yuz bergan voqea noto‘g‘ri talqin qilingan. Aniqlanishicha, Oqqo‘rg‘on tumanida yashovchi, 1979-yilda tug‘ilgan ayol, tanishini topish maqsadida mazkur hududga borgan. U mahalladagi bir boladan yo‘l so‘ragani holat videoga olingan va ba’zi fuqarolar uni shubhali deb hisoblab, haqoratli so‘zlar ishlatib, noo‘rin muomala qilgan. Bu video ijtimoiy tarmoqlarda tez tarqalib, “bola o‘g‘risi” sifatida asossiz va noto‘g‘ri talqin qilingan.
Dastlabki surishtiruv natijasiga ko‘ra, ayolning bola o‘g‘irlashga aloqasi yo‘qligi to‘liq tasdiqlandi. Aksincha, fuqarolarning o‘z qo‘li bilan “jazolash”ga urinishlari huquqbuzarlik deb topildi. Shu sababli 7 nafar shaxsga nisbatan rasmiy hujjatlar tayyorlanib, ular Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) asosida sudga yuborildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!