Jizzax viloyatida sodir bo‘lgan noodatiy holatga aniqlik kiritildi. Avvalroq, maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Gulbahor Samadovaning 11-sentyabr kuni qabul qilingan “O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi Prezident farmoni bilan davlat mukofoti — “Shuhrat” medaliga sazovor bo‘lgani haqidagi xabarni paxta dalasida eshitgani haqida ma’lumot tarqalgandi.
Ushbu holat jamoatchilikda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Shu munosabat bilan Jizzax viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rasmiy izoh berdi.
“Agar lavha oxirigacha ko‘rilsa, Gulbahor Samadovaning o‘zi ‘SHu kuni faol xotin-qizlar bilan birgalikda terimda ixtiyoriy ravishda ishtirok etdim’, deya fikr bildirgani aniq ko‘rinadi”, — deyiladi rasmiy bayonotda.
Shuningdek, vaziyat yuzasidan olib borilgan o‘rganishlar davomida Gulbahor Samadova paxta dalasiga “hashar oshi”ni olib borgani ma’lum qilindi. Uning daladan topilgani aynan shu sababga bog‘liqligi ta’kidlandi.
Mutaxassislar bu kabi vaziyatlarda ma’lumotlarni to‘liq va xolis ko‘rsatish muhimligini qayd etmoqdalar. Chunki qisman tarqatilgan ma’lumot ko‘pincha turli talqinlarga yo‘l ochib, asossiz bahs-munozaralarga sabab bo‘lishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!