Toshkent viloyatidagi bir nechta maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sodir bo‘lgan zaharlanish holati ortidan shifoxonaga yotqizilgan bolalarning deyarli barchasi sog‘lom holatga qaytdi va oilalari bag‘riga qaytarildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshida tuzilgan maxsus shtab a’zosi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekovning ma’lum qilishicha, 30 sentyabr holatiga ko‘ra bemor bolalarning aksariyati to‘liq davolangan.
Hozirgi paytda shifoxonada bor-yo‘g‘i uch nafar bola qolgan bo‘lib, ularning ham ahvoli barqaror va vrachlar doimiy nazoratida. Shu bilan birga, barcha hududlarda bolalarga xizmat ko‘rsatayotgan autsorsing tashkilotlari faoliyati qat’iy nazoratga olinmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, endi bu jarayonda faqat davlat organlari emas, balki ota-onalar, soha ekspertlari va OAV vakillaridan iborat jamoatchilik komissiyasi ham ishtirok etadi. Ularning mulohazalari jamoatchilikka doimiy ravishda taqdim etilib boriladi.
Maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi vazirligi esa bunday holatlarning kelgusida takrorlanmasligi uchun tizimli choralar ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi. Choralar nafaqat mavjud muammoni bartaraf etishga, balki kelajakda bolalar salomatligi uchun xavf tug‘diradigan vaziyatlarni oldini olishga ham qaratilgan.