date

O‘zbekiston OTMlari ilk bor dunyo reytingining yuqori pog‘onasida

O‘zbekiston OTMlari ilk bor dunyo reytingining yuqori pog‘onasida

9 oktabr kuni eʼlon qilingan Times Higher Education (THE) World University Rankings 2026 natijalarida Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari uchun tarixiy yutuq qayd etildi. Ilk bor bir nechta mahalliy universitetlar dunyodagi eng nufuzli OTMlar qatorida qayd etildi.

Qayd etilishicha, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti ilk bor jahonning top-600 taligi (501–600 oʻrin) qatoriga kirdi. Bu natija mamlakat taʼlim tizimi rivojida yangi bosqichni anglatadi, deb yozdi Times Higher Education.

Bundan tashqari, yana bir qator oʻzbek OTMlari ham global reytingdan oʻrin oldi:
Toshkent davlat texnika universiteti – 1001–1200 oraligʻida,
Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti – 1201–1500 talikda,
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti – 1501+ toifada joy oldi.

Shuningdek, 58 ta Oʻzbekiston universiteti “reporter” maqomi bilan roʻyxatda qayd etildi. Bu ularning keyingi yillarda toʻliq ishtirokchi sifatida global reytingga kirish imkoniyati borligini anglatadi.

2026 yilgi THE World University Rankings tahlilida 115 ta davlat va hududdan 2 191 ta universitet ishtirok etdi. Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasidan bari boʻlib 17 ta OTM kiritilgan boʻlsa, Oʻzbekiston ilk bor toʻrt universitet bilan ishtirok etishi bilan ajralib turdi.

Times Higher Education reytingi dunyodagi eng ishonchli va nufuzli taʼlim baholash tizimlaridan biri hisoblanadi. U universitetlarni besh asosiy yoʻnalishda — taʼlim sifati, ilmiy tadqiqot faoliyati, xalqaro hamkorlik, ilmiy taʼsir va sanoat bilan integratsiya boʻyicha baholaydi.

Bu natijalar Oʻzbekistonning oliy taʼlim tizimidagi tub islohotlar, akademik ochiqlik va xalqaro nufuzning ortib borayotganidan dalolat beradi. Mutasaddilarning taʼkidlashicha, bu faqatgina boshlanish — keyingi yillarda oʻzbek OTMlari dunyo reytinglarida yanada yuqori oʻrinlarni egallashi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekiston OTMlari ilk bor dunyo reytingining yuqori pog‘onasida