13:17 / 18.01.2017
6 685

27 yoshli supermodel Kseniya Deli uysiz qariyaga 1 million rubl berish uchun Krasnodarga uchib keldi

27 yoshli supermodel Kseniya Deli uysiz qariyaga 1 million rubl berish uchun Krasnodarga uchib keldi

27 yoshli moldovalik model Kseniya Delining uysiz qariyaga qilgan xayriyasi Rossiya ommaviy axborot vositalari tomonidan keng muhokama qilindi. «Ria novosti»ga asoslanib «Daryo» yozishicha, model 1 million rubllik konvertni shaxsan topshirish uchun Krasnodarga tashrif buyurgan.

«Dyadya Misha»

Misha amaki Kubandagi eng taniqli sport muxlisi, oppoq soqolli, ko‘zlari samimiy bu qariyani ko‘pchilik yaxshi taniydi. Asl ismi Mixail Goriyan bo‘lgan chol Tog‘li Qorabog‘ mojarosidan keyin yaqinlarini yo‘qotgan va 1989 yil Bokuni tark etgan, turli burchaklarda sargardon bo‘lgan. Sovuq qish kunlaridan birida Misha amaki butunlay uysiz qoldi. U bunga qadar do‘stlarining uyida yashardi, biroq ular ham olamdan o‘tib ketdi.

Vaholanki 68 yoshli qariyani Krasnodarda yaxshi tanishadi. Uni basketbol, futbol, voleybol uchrashuvlarida ko‘rish mumkin edi va chol kubanlik sportchilarni qizg‘in qo‘llab turardi. «Chempionat» nashri xabariga ko‘ra, Misha amakiga eng katta yordamni qaysidir sportchi emas, balki moldovalik model ko‘rsatgan.

Ezgulik

Svetlana ismli qiz Misha amakiga yordam berish ilinjida «Misha amaki uchun uy» aksiyasini e’lon qilib, uning uchun pul yig‘a boshladi. Svetlana Chernikovaning harakatlari zoe ketmadi.

Qiz xayoliga kelgan barcha ishni qilib, ommaning e’tiborini uysiz qolib ketgan cholga qaratishga uringan. Biroq o‘tkinchilar orasida uni tanqid qilganlar ham bor bo‘lib, «Nega endi faqat Misha? Petya yoki boshqa bolalar emas» deb, kesatiq fikrlar ham bildirgan.

Yordam beruvchilar orasida Armen Ambarsumyan va uning do‘stlari ham bor edi. «Ajoyib kun bo‘ldi. Restoranda Misha amaki bilan turganimizda kutilmaganda Victoria’s Secret supermodeli Kseniya Deli kirib keldi. Uning qo‘lida pul solingan konvertni ko‘rish mumkin edi. Kseniya konvertni Misha amakiga topshirar ekan, uni quchib qo‘yishni ham yodidan chiqarmadi. Bu vaqtda Svetlana ko‘z yoshini tiyib turolmas, Misha amaki va qolganlar esa shokka tushib qolgandik», — deb hikoya qilgan Ambarsumyan.

Kseniya Delining konvertida 1 million rubl bor edi (taxminan 17 ming AQSh dollariga yaqin). Uning bu xayriyasidan keyin «Misha amaki uchun uy» ustida ishlagan ko‘ngillilar aksiyani yopiq deya e’lon qildi. Undan tushgan pul jami 1,7 million rublni tashkil qilgan. Ko‘ngillilar Misha amakining hujjatlarini rasmiylashtirish ishlari bilan band, shundan keyin ular qariyaga uy tanlashda yordam berishni ham niyat qilgan.

Kseniya Deli

Kseniya Moldovada tug‘ilgan. U 18 yoshida talabalar uchun maxsus dastur yordamida AQShga o‘qishga ketadi. Qaytishni rejalashtirgandi, biroq taqdiridan qochib qutula olmadi.

Amerikada Delini mashhur fotograf Gevin O’Nil uchratib qoldi va unga pul berib, Los-Anjelesda qolishga ko‘ndirgandi. Uning birinchi suratlariyoq mashhur bo‘lib ketdi va AQShning nufuzli nashrlari 18 yoshli qiz bilan hamkorlik qilish payiga tushib qoldi.

Qiz tez orada elit modellar qatoriga kirdi. U Amerikaning deyarli barcha jurnallari muqovasini bezadi. Bruno Mars, Kelvin Xarisson, Jastin Biber kabi mashhur yulduzlar kliplarida chiqish qildi va nom qozondi.

Misha amaki Bokudan chiqib ketgan 1989 yilda tug‘ilgan Kseniya Deli o‘tgan yilning yoz oyida misrlik milliarder Usama Fati Rabah Ash-Sharifga turmushga chiqdi. 62 yoshli qayliq to‘y marosimini Gresiyadagi mashhur Santorin orolida o‘tkazdi.

Deli shaxsiy hisob raqamini boyitish uchun endi ter to‘kishi shart emasdek. Biroq u jurnallar uchun suratga tushishda davom etmoqda va bundan charchayotgani yo‘q. Mana endi u xayriya ishlarida ham faollikni oshirishga qaror qilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » 27 yoshli supermodel Kseniya Deli uysiz qariyaga 1 million rubl berish uchun Krasnodarga uchib keldi