Kibray tumanida shifoxona yonidagi pullik parking bahsga sabab bo'ldi

Kibray tumani hokimligi matbuot xizmati tuman tibbiyot birlashmasi yaqinida pullik avtoturargoh paydo bo'lgani yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda ko'tarilgan e'tirozlarga munosabat bildirdi. Bu haqda upl.uz xabar beradi.
Rasmiylarga ko'ra, tarmoqlarda tarqalgan videoda tibbiyot birlashmasi yonidagi avtoturargoh pullik bo'lib qolgani aytilgan. Hokimlik bu hudud tibbiyot birlashmasiga tutash maydon ekanini va u pullik parkingni tashkil etish uchun “Oripov Market” oilaviy korxonasiga vaqtincha foydalanishga berilganini ma'lum qildi.
Idorada ta'kidlanishicha, avtoturargoh xizmati uchun fiskal chek berilishini nazorat qilish soliq organlari vakolatiga kiradi, hokimlik bu yo'nalishda nazorat qiluvchi organ emas. Shu bilan birga, tumandagi pullik parkinglarni yuritayotgan tadbirkorlarga kirish-chiqishni qayd etuvchi avtomatik qurilmalarni o'rnatish zarurligi eslatilgan, avtomatlashtirish jarayonini nazorat qilish ham soliq organlariga yuklatilgan.
Hokimlik, shuningdek, tibbiyot birlashmasi tasarrufidagi hududlarda avtoturargoh bepul ekanini qayd etdi.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari esa amalda ushbu avtoturargoh deyarli jihozlanmagani, hatto oddiy chiziqli belgilari ham yo'qligini yozmoqda. Ularning fikricha, shunday vaziyatda obodonlashtirilgan yerning bir bo'lagini “egallab”, mashinalar kirishi uchun pul yig'ish osondek ko'rinadi. Eng katta e'tiroz esa ijtimoiy ahamiyatga ega obyekt — tibbiyot muassasasi yonida pullik parking tashkil etilgani bilan bog'liq.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!