Toshkentda ko‘p qavatli uy yo‘lagida pichoq ko‘tarib yurgan erkak qamaldi

Toshkentdagi ko‘p qavatli uy yo‘lagida pichoq bilan yurgan shaxs ma’muriy tartibda ushlandi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati rasmiy ma’lumot berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu holat aks etgan video tarqalib, ko‘pchilikda xavotir uyg‘otgan edi. Rasmiy axborotga ko‘ra, voqea 5 yanvar kuni tungi soat 01:35 larda sodir bo‘lgan. 1984 yilda tug‘ilgan O.S. mast holatda Yashnobod tumanidagi ko‘p qavatli uylardan birida qo‘shnisi D.Yu.ning eshigini taqillatib, uni bezovta qilgan.
Ma’lum qilinishicha, u jamoat joyida bo‘la turib, sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyoni qonun talablariga zid ravishda olib yurgan va jamoat tartibini buzgan. Mazkur holat yuzasidan tuman ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan tezkor tarzda chora ko‘rilgan va huquqbuzar ma’muriy tartibda ushlangan.
Shundan so‘ng, Yashnobod tumani IIO FMB tomonidan fuqaro O.S.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik), 185-2-moddasi (sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurish), 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
To‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudiga yuborilgan. Sud qaroriga ko‘ra, ushbu shaxsga ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda pichoq ushlagan erkak yonida yana bir fuqaro borligi ham ko‘rinadi. Biroq rasmiy xabarda ushbu ikkinchi shaxs haqida alohida ma’lumot berilmagani qayd etildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!