O'zbekistonliklarga nikoh shartnomalarini notarial tasdiqlash tartibi tushuntirildi

Adliya vazirligi nikoh shartnomalarini tasdiqlashda notariuslar qanday tartibda ish yuritishini belgilovchi hujjatni ro'yxatdan o'tkazdi. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
Vazirlik ma'lumotiga ko'ra, nikoh shartnomasini notarial tasdiqlash jarayoni notarial idorada, videokonferensaloqa orqali yoki arizachilarning istagiga ko'ra sayyor tarzda amalga oshirilishi mumkin. Jarayonni boshlash uchun tomonlar notarial idoraga shaxsan murojaat qiladi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (EPIGU) hamda E-notarius.uz orqali ariza yuboradi. Shundan so'ng notarius fuqarolarning shaxsini tekshiradi.
Notarius, shuningdek, tomonlar nikoh yoshiga yetgan-yetmaganini, boshqa ro'yxatdan o'tgan nikohda turmaganini hamda ular o'rtasida avval shunga o'xshash kelishuv rasmiylashtirilmaganini aniqlashi lozim. Shartnoma loyihasi to'liq tayyorlanib, xizmatlar uchun to'lov amalga oshirilgach, tomonlar hujjatni imzolash uchun bir vaqtda taklif etiladi. Imzolar notarius ishtirokida qo'yilib, to'liq familiya, ism va otasining ismi ko'rsatiladi.
Eslatib o'tamiz, avvalroq notariuslarga respublika hududida tasdiqlangan nikoh shartnomalarining asl nusxasini majburiy talab qilish shart emasligi ma'lum qilingandi. Hujjatlarning nusxalari avtomatlashtirilgan axborot tizimiga yuklanadi, notarial harakatlar jarayonini tasdiqlovchi audio va video yozuvlar ham tizimga biriktirilishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!