70 foiz ustama beriladigan o‘qituvchilar ro‘yxati e’lon qilindi

O‘zbekistonda 2025 yil avgust–dekabr oylarida o‘tkazilgan attestatsiya yakunlariga ko‘ra oliy yoki birinchi malaka toifasiga erishgan pedagoglar ro‘yxati tasdiqlandi. Bu toifani qo‘lga kiritganlar attestatsiyada 86 va undan yuqori ball to‘plagan o‘qituvchilar bo‘lib, ular oylik daromadini sezilarli oshirish imkoniga ega. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bazaviy tarif stavkasining 70 foizi miqdoridagi qo‘shimcha ustamani olish huquqi 4 038 nafar pedagogga berildi. Ushbu rag‘batlantirish 2021 yil 17 sentyabrdagi Vazirlar Mahkamasi qarorida belgilangan bo‘lib, attestatsiyada yuqori natija ko‘rsatgan va kasbiy salohiyatini isbotlagan o‘qituvchilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi.
Mutaxassislar hisob-kitob bilan misol keltiradi: oliy toifali o‘qituvchining bazaviy maoshi 4 million so‘m bo‘lsa, xalqaro sertifikat va attestatsiyadagi yuqori ballar hisobidan bu summaga yana 2,8 million so‘m qo‘shiladi. Natijada, xalqaro mezonlarga mos malakaga ega pedagogning oylik daromadi 6,8 million so‘mni tashkil etadi.
Vazirlik ustama oluvchilar to‘liq ro‘yxatini e’lon qilgan. Mazkur tizim o‘qituvchilik kasbining nufuzini oshirish va maktab ta’limiga yuqori malakali kadrlarni jalb etish orqali o‘quvchilar bilim sifatini yaxshilashga qaratilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!