Ishonchini oqlamagan o‘g‘ildan otaga qarzdorlik undirildi

Ota va farzand o‘rtasidagi munosabatlar mehr-oqibat, ishonch va o‘zaro hurmatga asoslanadi. Biroq, ba’zan moliyaviy majburiyatlar o‘z vaqtida bajarilmasligi oqibatida eng yaqin insonlar o‘rtasida ham muammolar yuzaga keladi.
Toshkent viloyati Zangiota tumanida ham shunday holat kuzatildi. Fuqaro farzandiga ishonib, unga qarz mablag‘i bergan. Biroq, qarz shartnomasida belgilangan muddat o‘tganiga qaramay, mablag‘ o‘z vaqtida qaytarilmagan.
Natijada ota o‘z mablag‘larini qaytarib olish maqsadida notariusga murojaat qilishga, so‘ngra esa qarzdorlikni undirish uchun notariusning ijro xatini Majburiy ijro byurosi organlariga taqdim etishga majbur bo‘lgan.
Mazkur ijro hujjati asosida qarzdorlikni undirish bo‘yicha ijro harakatlari olib borildi. Davlat ijrochisining sa’y-harakatlari natijasida otaga farzandidan shartnoma bo‘yicha o‘z vaqtida qaytarilmagan 66 million so‘m qarz mablag‘i to‘liq undirib berildi.
Ushbu holat bir haqiqatni yana bir bor eslatadi: yaqinlar o‘rtasidagi ishonchni asrash, berilgan va’daga va moliyaviy majburiyatlarga sodiq qolish muhim. Qarzni o‘z vaqtida qaytarish nafaqat qonuniy majburiyat, balki insonning mas’uliyati va omonatga bo‘lgan munosabatini ham namoyon etadi.
Majburiy ijro byurosi organlarining asosiy vazifasi — sud hujjatlari va boshqa vakolatli organlar hujjatlarining ijrosini ta’minlash, qonuniy manfaatlarni himoya qilish hamda undiruvchilarning buzilgan huquqlarini tiklashdan iborat.































Izohlar 0
…