date

“Malika”da katta tekshiruv 117 kishining ishi rasmiy legallashtirildi

“Malika”da katta tekshiruv 117 kishining ishi rasmiy legallashtirildi

Toshkent shahridagi “Malika” savdo kompleksida navbatdagi tekshiruv va o‘rganish ishlari o‘tkazildi. Natijada 117 nafar fuqaro belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilib, ularning faoliyati qonuniy asosda rasmiylashtirildi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lumotga ko‘ra, savdo majmuasida Toshkent shahar soliq boshqarmasi, shahar prokuraturasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti rahbarlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tgan. Unda yashirin iqtisodiyotga qarshi choralar, savdo jarayonlarida qonun talablariga amal qilish va soliq intizomini kuchaytirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi. Mas’ullarga aniq topshiriqlar berilgan va ijrosi nazoratga olingani aytildi.

Shundan so‘ng mutasaddilar savdo kompleksi hududida o‘rganish ishlarini olib borib, tadbirkorlar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazgan. Ularda savdoda shaffoflikni ta’minlash, tushumlarni to‘liq ko‘rsatish, naqdsiz hisob-kitob ulushini oshirish, nazorat-kassa texnikalaridan to‘g‘ri foydalanish hamda elektron hisob-fakturalarni o‘z vaqtida rasmiylashtirish bo‘yicha tushuntirishlar berilgan.

O‘tkazilgan xatlov natijalariga ko‘ra, bugungi kunga qadar majmua hududida 129 ta yuridik shaxs va 267 nafar yakka tartibdagi tadbirkor faoliyati o‘rganilgan. Shu jarayonda 117 nafar fuqaro ham qonuniy ro‘yxatdan o‘tkazilib, ishlari rasmiylashtirilgan. Soliq qo‘mitasi bu kabi “manzilli va tizimli choralar” yashirin faoliyatni qisqartirish, halol raqobat muhitini mustahkamlash va byudjet tushumlarini oshirishga xizmat qilishini ta’kidlagan.

Bu mavzudagi e’tiborli jihat shundaki, Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 yanvar kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda soliq idoralarining yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish borasidagi ishlarini “mutlaqo qoniqarsiz” deb baholagandi. Davlat rahbari “Chorsu” bozorida to‘lov intizomi yo‘lga qo‘yilmagani, “Malika” savdo kompleksida esa vaziyat yanada og‘ir ekanini aytgan.

Yig‘ilishda keltirilgan raqamlar ham jamoatchilik e’tiborini tortgan: kompleksda 1,5 mingga yaqin tadbirkor ishlasa-da, ularning faqat to‘rtdan biri ro‘yxatdan o‘tganini, 25 foizi oyiga 1 million so‘m ham soliq to‘lamayotganini qayd etilgan. Shuningdek, dekabr oyida plastik kartalar orqali yechib olingan 600 milliard so‘mlik savdo tushumi yashirilgani ta’kidlangan.

Shu asnoda Prezident Shayxontohur tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i Hojiyakbar Mullajonov va Toshkent shahar soliq boshqarmasi boshlig‘i Yunusjon Nasimjonovni ishdan olish, faoliyatni chuqur o‘rganib, qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar bergan. Soliq qo‘mitasi raisiga esa Toshkent shahridagi barcha tuman soliq inspeksiyalari rahbarlarini ishdan olib, vazifasini bajaruvchi qilib tayinlash vazifasi qo‘yilgan. Shu yig‘ilishda Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev ham ishga beparvoligi va mas’uliyatsizligi sabab lavozimidan ozod etilgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Jamiyat » “Malika”da katta tekshiruv 117 kishining ishi rasmiy legallashtirildi