Farg‘onada 9-sinf o‘quvchisi profilaktika inspektorini pichoqladi

Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida profilaktika inspektoriga pichoq bilan tan jarohati yetkazilgan holat qayd etildi. Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning Zamon.uz’ga bergan ma’lumotiga ko‘ra, voqea 2026 yil 18 fevral kuni soat 11:50 atrofida sodir bo‘lgani haqida shahar prokuraturasiga xabar kelib tushgan.
Dastlabki ma’lumotlarda aytilishicha, 2010 yilda tug‘ilgan, 9-sinfda o‘qiydigan voyaga yetmagan fuqaroning buvisi chaqiruvi asosida profilaktika inspektori uning uyiga borgan. Uyda, oshxonada inspektor bilan o‘smir o‘rtasida tortishuv chiqqan.
Kelishmovchilik avj olgan paytda, o‘smir profilaktika inspektori orqa tomoni bilan turgan holatdan foydalanib, stol ustida turgan oshxona pichog‘i bilan bir marta zarba bergani aytilmoqda. Jabrlanuvchiga tibbiy ko‘rik natijasida ko‘krak qafasi sohasida sanchilgan-kesilgan jarohat hamda qon ketish bilan bog‘liq asoratlar tashxisi qo‘yilgan.
Mazkur holat yuzasidan 2026 yil 18 fevral kuni voyaga yetmagan shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida gumondor ushlangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!